“Lokomotiv” shifokori fikrlari bo‘yicha O‘zPFL munosabati

Milliy terma jamoa va “Lokomotiv” klubidagi faoliyati orqali tanilgan shifokor Abror Pirriyev telegramda kanal yuritishni boshladi. Sport meditsinasiga befarq bo‘lmagan insonlar mazkur kanalni kuzatib borishlari mumkin. 

Kanaldagi so‘nggi postda kecha bo‘lib o‘tgan “Lokomotiv” — AGMK uchrashuvi haqida to‘xtalingan. Qorli sharoitda “Lokomotiv” futbolchilari uchun kiyimlarga mos gamashlar tayyorlab qo‘yilgani, ammo uchrashuv inspektori hamda komissari bunga ruxsat bermagani yozilgan. 

Birinchidan, klub ma’muri gamashlar qora ekanini ma’lum qilgan. Kiyim qizil rangda, gamash qora rangda bo‘lsa, bu holat “O‘yin qoidalari”ga to‘g‘ri kelmaydi. “O‘yin qoidalari (2020-21)”da shunday yozilgan: “shortlar ichidan kiyiladigan kiyimlar shu short va uning pastki qismi bilan bir xil rangda bo‘lishi kerak”. 

Tushuntirish. Agar ham “Lokomotiv”, ham AGMK futbolchilari bir xilda qora rangli gamashlardan foydalansa, bu futbolchilarning yakkakurashlarida hamda oyoq harakatlarida hakamlarning o‘yinni kuzatib borishlariga ta’sir o‘tkazadi. Futbol muxlislari yaxshi biladiki, aynan shu sabab bilan har ikki jamoa getralari ham bir-biridan farq qilishi shart. 

Ikkinchidan, O‘zPFL komissari mazkur masala bo‘yicha klub vakili hamda inspektorni yuzlashtirgan. Shundan kelib chiqilsa, “Lokomotiv” shifokorining komissar bo‘yicha munosabati to‘g‘ri emas. Shifokor bu e’tiborsizlik uchun komissardan uzr ham so‘radi. 

“O‘yin qoidalari 2020-21” mavsum avvalida tasdiqlangan. Professional klub sifatida “Lokomotiv” bunga tayyor turishi va sovuq kunlar uchun o‘z futbolchilariga formalar bilan bir xil rangdagi gamashlarni tayyorlab qo‘yishi lozim edi. Boisi, musobaqaning dekabr oyida ham davom etishi avgustdayoq ma’lum edi. 

O‘zPFL shifokorlar tavsiyalarini diqqat bilan o‘rganib chiqishga va futbolchilar salomatligi masalasidan kelib chiqib, bu boradagi takliflarni kiritishga tayyor. Ya’ni, har qanday masalani qayta ko‘rib chiqish mumkin. Biroq futbol qoidalariga ham birdek amal qilishi shart. Ayniqsa, o‘sha qoidalar yil avvalida tasdiqlab qo‘yilgan bo‘lsa. 

Biz Abror Pirriyevning kelgusi faoliyatiga omad tilaymiz hamda avval masalani tushunib, shundan keyingina uni e’lon qilish to‘g‘ri yo‘l deb bilamiz. Zero bu holat biror tashkilot obro‘siga putur etkazishi mumkin. O‘zPFL eshiklari barcha shifokorlar va klublar vakillari uchun ochiq, ular o‘z takliflarini istalgan vaqtda bildirish imkoniyatiga egalar.

mib
cola
apex
bmb