O‘zbekiston Coca Cola kubogiga 14-noyabr kuni qur’a tashlanadi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi 3-dekabr kuni Coca Cola Superliganing so‘nggi — 26-tur uchrashuvlarini o‘tkazishni rejalashtirgan. Shundan keyingina O‘zbekiston Coca Cola kubogi musobaqasi start oladi. 

Pandemiya tufayli, shuningdek, milliy terma jamoaning o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun sharoit yaratilishidan kelib chiqib, kubok formati avvaldan rejalashtirilgani kabi guruh bosqichi ko‘rinishida emas, balki bir o‘yindan iborat, mag‘lub jamoa musobaqani tark etadigan ko‘rinishida o‘tishiga kelishib olindi. Bu esa kubok bellashuvlariga qaytadan qur’a tashlashni taqazo etadi. 

Shu haftaning shanba kunida, ya’ni, 14-noyabr sanasida O‘zPFL bosh direktori v.b. Diyor Imomxo‘jayev “Sport” telekanalida mehmon bo‘ladi. Rejaga ko‘ra, jonli efirda tashkilot vakili barcha futbol muxlislarini qiziqtirgan savollarga javob qaytaradi. Muxlislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni telefon qo‘ng‘irog‘i ko‘rinishida, shuningdek, sms yoki taklif etilgan messenjerlar orqali berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

“Sport” hamda O‘zPFL O‘zbekiston Coca Cola kubogiga mazkur dasturdan so‘ng qur’a tashlashga kelishib oldi. U ham jonli efirda ko‘rsatiladi. Qur’a tashlash formati hamda uchrashuvlar sanalari O‘zPFL tomonidan alohida e’lon qilinadi. Ayni vaqtda tashkilot klublar bilan bu borada fikr almashmoqda. 

Ma’lumot uchun, kubok finaliga avvaldan belgilab qo‘yilganidek, Namangan shahri mezbonlik qiladi. Finalda to‘p surish uchun Coca Cola Superliganing 14 ta, shuningdek, Pro liganing "Sho‘rtan" hamda "Oqtepa" klublari kurash olib boradi.

mib
cola
apex
bmb