O‘z yoshini kichraytirgan Superliga futbolchisi aniqlandi

Futbolda yosh kichraytirish bilan bog‘liq illat borligi sir emas. Bu nafaqat O‘zbekistonning tashqi imidjiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, balki bir qator iqtidorli futbolchilarning millionlar o‘yinidan ko‘ngli sovub, keyinchalik uni tark etishga olib keladi. 

O‘zPFL yoshni kichraytirish bilan bog‘liq holatlarga jiddiy e’tibor qaratishni to‘g‘ri yo‘l deb biladi. Bunda qamrov doirasini kichraytirish uchun asosan 2000 yildan keyin tug‘ilgan futbolchilar masalasi o‘rganilmoqda. Boisi, shu yildan keyin tavallud topgan futbolchilar hozircha yirik xalqaro musobaqada ishtirok etib ulgurmadi. Ammo O‘zPFL tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda ular faol ishtirok etmoqda.   

Bunday illatlarni yo‘qotish maqsadida FHDYo organlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida futbolchilarning xujjatlaridagi tug‘ilganlik haqidagi yozuvlarning haqiqiyligi o‘rganilmoqda. Mana shunday izlanishda Superliga klublarining birida to‘p suruvchi futbolchining tug‘ilganlik haqidagi dalolatnomasi va boshqa xujjatlari o‘rtasida tug‘ilgan yili bo‘yicha tafovut borligi aniqlandi. Ya’ni, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomaga muvofiq, uning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnomasida tug‘ilgan yili 2002 yil etib ko‘rsatilgan, fuqarolik pasportida esa 2004 yil etib qayd qilingan. 

O‘zPFL futbol klubiga futbolchining hujjatlarida chalkashlik borligi aniqlangani, shundan kelib chiqib topshirilgan hujjatlarni qayta o‘rganib chiqishni so‘rab ikki marta rasmiy xat yubordi. Biroq futbol klubi tomonidan mazkur holat bartaraf etilmadi. 

Shundan so‘ng O‘zPFL holatga aniqlik kiritilishi va qonunbuzilish holatiga vakolati doirasida huquqiy baho berishini so‘rab viloyat prokuraturasiga murojaat qildi. Ma’lumotga asosan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi hamda futbolchinining yoshini kichraytirish bilan bog‘liq xujjatlarni rasmiylashtirgan shaxslar aniqlandi. 

Keyinchalik tuman prokuraturasining talabi bilan tumani IIB M va FRB tomonidan futbolchi nomiga yoshi kichraytirilgan holda rasmiylashtirilgan fuqarolik pasporti va xorijga chiqish biometrik pasporti amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinib, uning nomiga haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha fuqarolik pasporti rasmiylashtirib berildi.

Bugun — 26 oktyabr kuni O‘zPFL futbolchi to‘p suradigan klubga bu borada ma’lumot taqdim etdi hamda futbolchining hujjatlarini asl tug‘ilgan yili bilan qayta rasmiylashtirish talabini qo‘ydi. Biz futbolchining karerasiga salbiy ta’sir ko‘rsatish fikridan yiroqmiz. Ammo uning faoliyatini yolg‘onlardan boshlashga urinish printsipiga qarshi kurashamiz. Barcha masala qonun doirasida to‘g‘ri hal etilsa, keyinchalik bundan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham manfaat ko‘radi, shuningdek, mana shunday holatlar kasriga qolib ketayotgan boshqa yosh futbolchilarda futbolga nisbatan qayta umid uyg‘onadi.

O‘zPFL o‘z farzandi kelajagi borasida qayg‘urayotgan ota-onalardan bu kabi illatlarga uchmasliklarini so‘raydi. Shuningdek, keyinchalik ham bu kabi holatlarga qarshi kurash olib boradi. Biz bu boradagi yordamlari uchun Davlat xizmatlari agentligi hamda prokuraturaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

mib
cola
apex
bmb