O‘zbekiston Coca Cola kubogi haqida

O‘zPFL 9 noyabr kuni start oladigan FIFA kunlariga qadar Coca Cola Superliganing 22 tur uchrashuvlarini yakunlab olishni rejalashtirgan.

FIFA kunlaridan keyin II bosqichning so‘nggi to‘rt tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Bu borada O‘zPFL klublar bilan kengashib, ularning har biri uchun qulay bo‘lgan taklifni taqdim etdi. Reja bo‘yicha, 26-tur uchrashuvlari yakuniga etgach, O‘zbekiston Coca Cola kubogi start oladi. 

Pandemiya borasida tasavvur ham yo‘q bo‘lgan vaqtda kubok uchrashuvlari guruh bosqichi ko‘rinishida o‘tishiga kelishilgandi. Bu bilan OFK belgilab bergan 27 o‘yinlik minimum talab bilangina cheklanib qolmay, jamoalar mavsum davomida minimum 29 uchrashuvda ishtirok etishlariga erishish mumkin bo‘lardi. Shuningdek, birinchi uchrashuvlarda mag‘lubiyat qabul qilib olgan jamoalarda keyingi bosqichga yo‘l olish imkoni yana saqlab qolinardi. 2021 yilgi mavsumdan esa guruh bosqichining o‘zida jami 24 klub ishtirok etishi rejalashtirilgandi. Bularning bari musobaqaga bo‘lgan qiziqish hamda o‘yinlar sonining oshishiga olib kelishi shubhasiz.

Biroq pandemiya klublarning moliyaviy holatiga ta’sir o‘tkazdi. Ayni vaqtda klublar futbolchilarga dekabr oyi uchun ham maosh to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimchasiga, ayrim klublarning smetalari 20 foizga qisqartirilgani borasida ma’lumotlar bor. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL vaziyat taqazosi tufayli klublar bilan yana bir bor maslahatlashdi. 

Unga ko‘ra, biryo‘la 12 klub — “Qo‘qon-1912”, “Mash’al”, “Paxtakor”, “Surxon”, “Buxoro”, “Nasaf”, “Metallurg”, “So‘g‘diyona”, “Sho‘rtan”, “Andijon”, “Bunyodkor” hamda AGMK formatni olimpiya ko‘rinishiga o‘zgartirish taklifini ilgari surdi. Mazkur klublar orasidan faqatgina AGMK kubok uchrashuvlarini markazlashtirilgan holda Toshkent shahri va viloyatlarida o‘tkazish taklifini berdi. 

Yana to‘rt klub — “Qizilqum”, “Lokomotiv”, “Navbahor” hamda “Oqtepa” formatni guruh bosqichi ko‘rinishida qoldirish istagini bildirdi. 

Holat yuzasidan O‘zPFL O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan fikr almashdi hamda uch barobar ko‘proq ovoz to‘plagan variant pandemiya davrida maqbul variant deb topildi. Shundan kelib chiqib, kubok uchrashuvlariga olimpiya ko‘rinishida qayta qur’a tashlash marosimi o‘tkazish to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. 

O‘zPFL bu borada Sport-TV kanali bilan fikr almashadi. Ishchi rejaga ko‘ra, qur’a marosimi O‘zbekiston milliy terma jamoasining FIFA kunlaridan o‘rin olgan birinchi uchrashuvi tanaffusida yoki o‘yingacha bo‘lib o‘tishi katta ehtimol. O‘zPFL bu borada alohida ma’lumot beradi. 

Ma’lumot uchun, Coca Cola Superliga uchrashuvlariga qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston Coca Cola kubogining final uchrashuviga Namangan shahri mezbonlik qilishiga oydinlik kiritilgan. Namangan shahridagi finalga qadar jamoalar har bir bosqichda bittadan uchrashuvda ishtirok etadi. Qur’a savatidan birinchi bo‘lib olingan jamoa mezbon, ikkinchisi esa mehmon maqomida bo‘ladi. 90 daqiqa davomida g‘olibni aniqlab bo‘lmasa, 15 daqiqadan ikkita qo‘shimcha taym, keyin esa penaltilar seriyasiga navbat beriladi. 

Almashtirish mumkin bo‘lgan futbolchilar soni borasida alohida ma’lumot taqdim etiladi. Ayni holatda O‘zPFL 90 daqiqa ichida uch urinishda to‘rt futbolchi almashtirish va o‘yin qo‘shimcha taymlarga qadar cho‘zilsa, yana bir nafardan futbolchini almashtirish taklifini ilgari surmoqda. Bu borada O‘zPFL klublar bosh murabbiylari bilan fikr almashadi.

mib
cola
apex
bmb