Coca Cola Superliga. So‘nggi 4 tur haqida kim qanday fikrda?

O‘zPFL Superliganing so‘nggi 4 ta tur uchrashuvlarini qanday tartibda o‘tkazish borasida barcha klublarning birlamchi takliflarini o‘rganib chiqdi. 

Unga ko‘ra, 8 ta klub — “Qizilqum”, “Qo‘qon-1912”, “Paxtakor”, “Buxoro”, “Surxon”, “Metallurg”, “Mash’al” hamda "Lokomotiv” futbol klublari xuddi I davradagi bo‘lgani kabi, so‘nggi to‘rt tur uchrashuvlarini ham markazlashtirilgan tartibda o‘tkazish taklifini bergan. 

Shuningdek, 5 ta klub — AGMK, “So‘g‘diyona”, “Nasaf”, “Navbahor” va “Andijon” klublari neytral maydonlar masalasini ilgari surgan. Va faqatgina “Bunyodkor” futbol klubi uchrashuvlar taqvimda qanday aks etgan bo‘lsa, shunday qolishini istagan. 

O‘zPFL markazlashtirilgan taqvim ayni holatda “Paxtakor”, “Surxon”, “Metallurg” va “Lokomotiv” futbol klublariga qulaylik tug‘dirishini, ayrim jamoalar uchun esa moddiy tarafdan qimmatga tushishini inobatga oladi. Shuningdek, so‘nggi to‘rt tur uchrashuvlari uchun poytaxtdan qo‘nim topishni rejalashtirgan jamoalar taklifini ham nazarda qochirmaslikka harakat qiladi. 

Shundan kelib chiqib, yangi ilova klublarga yuborildi. Bunda neytral maydonlarni afzal bilgan klublar taklifi inobatga olingan. Qo‘shimchasiga, uchrashuvlarini poytaxt va Toshkent viloyatida o‘tkazish istagini bildirgan klublar uchun ham iloji boricha qulayroq maydonlar ko‘rsatib o‘tilgan. 

O‘zPFL jamoalar o‘z uchrashuvlari joyini tez orada tasdiqlashlarini kutadi. Shu asosda noyabr oyidagi FIFA kunlaridan keyin bo‘lib o‘tadigan so‘nggi to‘rt tur taqvimi ishlab chiqiladi hamda bu borada Sport-TV kanali bilan fikr almashilinadi. 

O‘zPFL qiyin sharoitda ham chempionat uchrashuvlarini to‘liq hamda vaziyatdan kelib chiqqan holda adolatli o‘tkazishga intilayotgan o‘z a’zolariga minnatdorchilik bildiradi.

mib
cola
apex
bmb