2021-yil uchun OFK va Milliy litsenziyalash jarayoni yakunlari haqida

Ma’lumki, mamlakat chempionati yuqori divizionida ishtirok etuvchi futbol klublari har yili litsenziyalash jarayonidan o‘tkaziladi. Joriy yildan e’tiboran O‘zbekiston Professional futbol ligasi Pro liga klublarining ham barchasini mazkur jarayonga jalb etgan holda klublarimizning umumiy infratuzilmasini bosqichma-bosqich yaxshilab borish, Pro liga ishtirokchilarini tashkiliy tuzilma jihatidan Coca Cola Superliga vakillariga yaqinlashtirish amaliyotini joriy etdi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi nazorati ostida tashkil etiladigan ushbu muhim jarayonning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi — klublarning kelasi mavsumda xalqaro va ichki musobaqalarda ishtirok etishi masalasida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Bu jarayonda OFK yoki milliy litsenziyani olish uchun klublar bir qator mezonlar asosida hujjatlarini taqdim etishadi. OFK tomonidan belgilab beriladigan ishchi-rejaga asosan litsenziyalash jarayoni aprel oyida start oladi va klublar iyun oyi so‘nggiga qadar sport, infratuzilma, ishchi-xodimlar, huquqiy mezonlar bo‘yicha, shuningdek iyul oxiriga qadar moliyaviy mezonlar bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishadi. Ular tomonidan OFKning maxsus onlayn platformasi – AFCCLASga joylangan hujjatlar sarhisob qilinib, Professional futbol klublarini litsenziyalash qo‘mitasining qarori asosida klublarga litsenziya taqdim qilinadi.

Joriy yil hisobidan Coca Cola Superliga hamda Pro liga klublari 5 ta mezon bo‘yicha zarur hujjatlar to‘plamlarini taqdim etishdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Professional futbol klublarini litsenziyalash bo‘yicha qo‘mitasi klublar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar to‘plamlari bilan tanishib chiqib, ularning Reglament mezonlariga qay darajada mos tushishini o‘rgandi. Bu jarayonda qaysi klublar litsenziya olish uchun talablarga javob beradi, qaysi klublarda esa kamchliklar mavjud ekaniga oydinlik kiritildi.

Joriy yilgi litsenziyalash jarayoni yakunlariga ko‘ra, “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor”, “Navbahor Lochinlari”, “Metallurg”, AGMK hamda “So‘g‘diyona” klublari topshirgan hujjatlar to‘plamlari qoniqarli deya baholandi. Natijada mazkur klublarga 2021 yilgi OFK musobaqalarida qatnashish uchun – OFK litsenziyasi, shuningdek kelasi yili O‘zbekistondagi ichki musobaqalarda qatnashish uchun – Milliy litsenziya taqdim etildi.

Yuqoridagi 7 ta klub bilan bir qatorda “Nasaf”, “Qizilqum” (Superliga) hamda “Dinamo” (Pro liga) klublariga 2021-yilgi O‘zbekistondagi ichki musobaqalarda qatnashish uchun – Milliy litsenziya taqdim etildi. Mazkur klublar topshirgan hujjatlar OFK talablariga to‘liq javob bermagan bo‘lsa-da, milliy chempionatimizda qatnashish uchun etarli bo‘ldi.

Shu o‘rinda 12 ta klubga 2021-yili milliy darajadagi musobaqalarda qatnashish uchun litsenziya shartli ravishda taqdim etildi. “Buxoro”, “Qo‘qon-1912”, “Andijon”, “Surxon”, “Mash’al”, “Sho‘rtan”, “Neftchi”, “Turon”, “Oq-tepa”, “Zomin”, “Xorazm” va “Istiqlol” klublari kelasi yilgi chempionatimizda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Faqat mazkur klublar litsenziyalash jarayonida aniqlangan kamchiliklarni keyingi yil aprel oyiga qadar to‘liq bartaraf etishlari talab qilinadi.

Qayd etish joizki, shu paytga qadar klublarimizga Milliy litsenziya shartlar asosida berilmagan. Buning natijasida hujjatlar taqdim etishdagi sustkashliklar, hujjatlarning o‘z vaqtida taqdim etilmasligi, infratuzilma bo‘yicha talablarga mos tushmaslik yoki klub tizimida faoliyat yurituvchi murabbiy (mutaxassis)larning diplomlari standart darajadan past bo‘lishi hozirgacha davom etib keldi. Aynan mana shunday sabablar tufayli Qarshining “Nasaf” klubi ketma-ket ikkinchi yildirki OFK litsenziyasini qo‘lga kirita olmadi.

Eng asosiy kamchiliklardan biri aksariyat stadionlardagi yoritish tizimi talab darajasidan ancha past ekani bo‘lib turibdi. Ayniqsa, Milliy litsenziya shartli ravishda taqdim etilgan klublarimizning deyarli barchasi bu borada oqsamoqda.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi 2021-yildan boshlab qit’a miqiyosida tashkil etiladigan musobaqalar uchun talablarni yanada qat’iylashtirmoqda. Xususan, endilikda Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi o‘yinlarini qabul qiladigan stadionlarda yorug‘lik darajasi 1800 lyuksdan kam bo‘lmasligi talab etiladi. Bu ko‘rsatkich OFK kubogi guruh bosqichida 1400 lyuksni tashkil qiladi.

Yana klublarda faoliyat olib boruvchi jismoniy tayyorgarliklar murabbiyi hamda darvozabonlar murabbiyi endilikda Level 2 diplomiga ega bo‘lishi lozim. Bu borada ham ko‘plab klublarimizda muammolar mavjudligi aniqlandi.

Qolaversa, hamma klublarning ham texnik direktorida “A” diplomi mavjud emasligi oydinlashdi.

Yuqoridagi barcha jihatlarni inobatga olgan holda 2021 yilgi musobaqalarda qatnashish uchun litsenziyalar 3 xil toifada taqdim etildi:

OFK litsenziyasi – “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor”, “Navbahor Lochinlari”, “Metallurg”, AGMK, “So‘g‘diyona”.

Milliy litsenziya – “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor”, “Navbahor Lochinlari”, “Metallurg”, AGMK, “So‘g‘diyona”, “Nasaf”, “Qizilqum”, “Dinamo”.

Milliy litsenziya (shartli ravishda) – “Buxoro”, “Qo‘qon-1912”, “Andijon”, “Surxon”, “Mash’al”, “Sho‘rtan”, “Neftchi”, “Turon”, “Oq-tepa”, “Zomin”, “Xorazm”, “Istiqlol”.

Litsenziyalash jarayoni o‘tkazilishing eng muhim sababi – klublarimizning umumiy infratuzilmasini bosqichma-bosqich yaxshilab borish, ularning har jihatdan professional maqomga mos tushishiga erishish sanaladi.

Bejizga OFK litsenziyalash jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tmagan klublarga mavsum yakuniga ko‘ra sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritsa ham, o‘z musobaqalarida qatnashishga ruxsat bermaydi.

Shu kabi jihatlarni inobatga olib, endilikda litsenziyalash jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi masalasiga juda jiddiy e’tibor qaratiladi. Agar klublar hujjatlarni taqdim etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ysa, infratuzilma yoki boshqa mezonlar bo‘yicha kamchiliklarni o‘z vaqtida to‘g‘rilamasa, klubning milliy chempionatda qatnashish uchun berilgan litsenziyasi bekor qilinishi mumkin. Agar barcha klublar mazkur jarayonga mas’uliyat bilan yondoshsa, nafaqat 7 ta, balki undanda ko‘proq klublarimiz xalqaro musobaqada qatnashish uchun litsenziyaga ega chiqishi mumkin bo‘ladi.

OFK ham litsenziyalash bo‘yicha normalarni yanada qat’iylashtirayotganini inobatga olib, ayni paytda Litsenziyalash bo‘yicha milliy Reglamentimiz qayta ishlab chiqilmoqda. Standartlar yanada oshirilayotgani sababli klublarimiz hozirdanoq keyingi Litsenziyalash tsikliga hozirlikni boshlashlari ayni muddao bo‘ladi.

mib
cola
apex
bmb