Maydonga tuflash bu shunchaki odatmi yoki zaruriyat?

Futbolchining maydonga tuflashi masalasi Coca Cola Superligasi uchrashuvlarini qayta tiklash jarayonlari davom etayotgan vaqtda alohida ko‘rib chiqildi. Boisi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi bu masalaga jiddiy e’tibor qaratdi.

Yakuniga yetgan ikki tur o‘yinlarida barchamiz uchun yangilik — maydon chetlariga o‘rnatib chiqilgan tufdonlar bo‘ldi. Chunki pandemiyaga qadar futbol maydonlari tufdonlarga ehtiyoj sezmasdi. Hozir esa vaziyat o‘zgargan. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL barcha futbol klublari a’zolari bilan birma-bir uchrashib, vaziyatni tushuntirdi. Gigiyena qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydigan bu odatdan qutilish birinchi navbatda ularning sog‘lig‘i uchun kerak.  

Xo‘sh, savol tug‘iladi: tuflash bu zaruriyatmi yoki odat? Bundesliga va APL bu masalaga jiddiy yondoshmoqda, FIFA ham futbolchilarning bu odatini tartibga solish kerakligini aytmoqda. Jumladan, FIFA meditsina qo‘mitasi vakili Mishel D’Xoge futbolchilar o‘yin vaqtida ayrim odatlaridan voz kechishi kerakligini, birinchi navbatda maydonga tuflashni taqiqlash kerakligini aytdi: “Bu futboldagi odatiy holat, ammo gigienaga zid odatdir. Birinchi navbatda undan voz kechish kerak, buning uchun hatto sariq kartochka ko‘rsatish lozim”.

Kembrij universiteti virusologi Yan Brayerli bu borada shunda deydi: “Agar simptomsiz bemor maydonga tuflasa, bu virus tarqalishi uchun potensial tashuvchiga aylanishi mumkin”. Oddiy sxema: SARS-CoV-19 tashqi muhitda uch soatgacha tura olishi hisobga olinsa, virus maydon chimidan to‘pga, butsalarga, kiyimga va qo‘lga o‘rnashishi, ulardan ko‘z, burun va og‘iz shilliq qavatlariga tushishi mumkin. Tabiiyki, ular orqali insonga infeksiya yuqishi oson.

Futbolchilarning o‘zi bu holatni ikki xil sabab bilan izohlamoqda. Birinchi sabab — futbolchi butun o‘yin davomida harakatda bo‘ladi va tabiiyki, yugurish jarayonida tomoq qurib qoladi. Ikkinchidan esa quruq tomoq nafas olishni qiyinlashtiradi. Bu kabi omillar tushunarli, ammo atrofdagilarning sog‘lig‘i birinchi navbatda va albatta sport sog‘lom turmush tarzi garovi bo‘lishi shart. Shu sababli ham meditsina olami maydonga tuflash zaruriyat emas, bu shunchaki futbolchilarning zararli odati deya baholamoqda.

Futbolchining o‘yin davomida doimiy harakatda bo‘lishi, uning virus va har qanday infeksiyaga nishon ekanligini anglatadi. Biz tuflash yoki tomoqni chayish zaruriyatini inobatga olib, maydonlarga bir nechta tufdonlar o‘rnatdik. Shuningdek, har bir futbolchi uchun alohida idishda suv va albatta alohida sochiqlar taqdim etish ham vaziyatni yengillashtiradi. Bu bilan virus yoki infeksiya yuqtirishning oldini olish mumkin.

Bugunga kelib biz futbol mavsumidagi kamida uch oyni boy berdik. Ya’ni, biror klubda zararlangan futbolchi yoki personal aniqlansa, bu bizga qimmatga tushishi mumkin. Chunki O‘zPFL oldida futbol mavsumini eson-omon yakunlab olish vazifasi turibdi. Agar biror futbolchida zararlanish holati aniqlansa, klub Vazirlar mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 176 hamda 254-qarorlari bilan karantinga olinadi. Bu esa tabiiyki, O‘zPFLni ham, liganing qolgan jamoalarini ham murakkab vaziyatda qoldiradi. Shundan kelib chiqib, har bir futbol klubi yuqorida ko‘rsatilgan masalaga, shuningdek, O‘zPFL hamda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi o‘rtasida imzolangan sanitariya-gigiyena qoida va me’yorlariga qat’iy amal qilishi shart. 

Alisher Aripov, O‘zPFLda futbolchilar salomatligi uchun mas’ul shifokor      

 

 

mib
cola
apex
bmb