Coca-Cola Superligasi. Sentyabr oyining eng yaxshilari o`z mukofotlarini qabul qilib olishdi

Bilasiz, O`zbekiston Professional futbol ligasi 2018 yilgi mavsumning har oyidan keyin to`rt yo`nalish bo`yicha eng yaxshilarni aniqlab keldi: eng yaxshi murabbiy, eng yaxshi futbolchi, eng yaxshi darvozabon va eng chiroyli gol. Tashkil etilgan so`rovnoma yakunlariga ko`ra eng ko`p ovoz to`play olgan nomzodlar tashkilotning eng yaxshilar uchun atalgan statuetkalarini qabul qilib olishdi.

2019 yilgi mavsumda ham mazkur an`anani davom ettirilmoqda. Joriy yildan e`tiboran Tribuna.uz nashri oy laureatlarini aniqlashda axborot hamkori sifatida ishtirok etmoqda. Artel  savdo belgisi esa oyning eng yaxshilariga o`z smartfonlarini taqdim etib kelyapti.

 

Eng yaxshilarni aniqlash shartlari quyidagicha: Coca Cola Superliganing 14 klubi bosh murabbiylari hamda sardorlari ko`rsatilgan nomzodlarni uchtalikka joylashtirib chiqadi. Dastlabki o`rinda ko`rsatilgan nomzod 3, mos ravishda keyingi ikki o`rindagilar 2 va 1 ochkolik bo`ladi. Shuningdek, Tribuna.uz nashri futbol muxlislari o`rtasida so`rovnoma o`tkazdi. Bunda muxlislar ovozi katta ahamiyatga ega bo`lib, birinchi o`rinni egallagan nomzod 6, mos ravishda keyingilar 4 va 2 ochkodan qo`lga kiritadi. Yakunda eng ko`p ball to`plaganlar oyning eng yaxshilari sifatida e`tirof etiladi.

 

Ortda qolgan sentyabr oyida Coca-Cola Superligada 2 ta tur uchrashuvlari o`tkazildi.  Mazkur uchrashuvlar davomida bir qator jamoalar mazmunli o`yin namoyish etib, muxlis-u mutaxassislar olqishiga sazovor bo`ldi. 

 

Jumladan, «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze so`rovnoma natijasiga ko`ra sentyabr oyining eng yaxshi murabbiyi deb opildi. Qayd etish joiz, gruziyalik mutaxassis avgust oyida ham mazkur nufuzli mukofotni qo`lga kiritgan edi.

Sentyabr oyida «sherlar» muddatidan oldin Coca-ColaSuperligasi g`olibligini qo`lga kiritishdi. Bunda Dostonbek Hamdamovning ham hissasi katta bo`ldi. O`tgan oy davomida Hamdamov ikkita bahsda maydonga tushib, 2 ta to`p kiritishga erishdi va oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Kuzning ilk oyida «Navbahor» darvozaboni O`tkir Yusupov o`zining ajoyib o`yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo`ldi va sentyabr oyining eng yaxshi darvozaboni bo`ldi.

«Andijon» a`zosi Shahzodbek Ubaydullaevning «Dinamo» darvozasiga «qaychi» usulida kiritgan goli esa ortda qolgan oyning eng chiroyli goli sifatida e`tirof etildi.

Coca-ColaSuperligasi 22-tur uchrashuvlari oldidan esa oy laureatlari maxsus statuetka va Artelsmartfonlarini qabul qilib olishdi.

mib
cola
apex
bmb