“Nasaf” futbolchilari Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabalari bilan uchrashuv o`tkazdi

Stadionlarga muxlislar tashrifini oshirish, keng jamoatchilikning milliy futbolimiz va chempionatimizga bo`lgan qiziqishini orttirish maqsadida O`zbekiston Professional futbol ligasi bir qator loyiha va tashabbuslarni amalga oshirmoqda.

Yil boshidan buyon Superliga klublari futbolchilari va murabbiylari tez-tez Oliy ta`lim muassasalariga va boshqa o`quv yurtlariga tashrif buyurib, talaba yoshlar bilan uchrashuv hamda suhbatlar tashkil etishmoqda.

O`zPFL Muxlislar bilan ishlash va ommaviy sport tadbirlarini o`tkazish bo`limi vakillari tashabbusi bilan bugun Qarshidagi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Nasaf” futbol klubi a`zolari va talablar o`rtasida uchrashuv o`tkazildi.

Qiziqarli suhbat va savol-javob tarzida kechgan uchrashuvda “Nasaf” jamoasi futbolchilari – Doniyor Narzullaev, Bobir Abduxoliqov, Akmal Mozgovoy va Oybek Bozorov, shuningdek, klub matbuot xizmati va marketing bo`limlari, muxlislar bilan ishlash bo`limi vakillari ishtirok etishdi. Futbolchilar talablarni qiziqtirgan savollarga bafurja javob qaytarishdi.

Shuningdek, klub marketing bo`limi vakillari “Nasaf” tomonidan muxlislar uchun yaratilayotgan qulayliklar, talabalar uchun chiqarilgan arzon abonementlar hamda klub attributikalarini past narxlarda sotib olish mumkin ekani haqida so`zlab berishdi. 

Bunday uchrashuvlar yurtimizning barcha hududlarida yil davomida tashkil etib boriladi. 

mib
cola
apex
bmb