O`zbekistonlik yosh futbolchilar “Futbol do`stlik uchun” loyihasining ettinchi mavsumida ishtirok etishadi

 18 mart kuni Moskvada Evropa Chempionlar ligasining rasmiy hamkori Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan “Futbol do`stlik uchun” xalqaro bolalar ijtimoiy loyihasining yangi  ettinchi mavsumiga start berildi.

Bu yil loyihaning yakuniy bosqichi 28 maydan 2 iyunga qadar Ispaniyaning Madrid shahrida bo`lib o`tadi. Loyihaning asosiy maqsadi bolalar va o`smirlar sportini qo`llab-quvvatlash, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, shuningdek, yosh avlod o`rtasida turli millatlar va madaniyatlarga hurmat tuyg`usini shakllantirishdan iborat.

O`g`il va qiz bolalar, shuningdek, nogironligi bor bolalar har yili muntazam ravishda “Futbol do`stlik uchun” loyihasida qatnashib, 9ta qadriyat: do`stlik, tenglik, adolat, sog`liq, tinchlik, sodiqlik, g`alaba, an`analar va faxr tuyg`ularini targ`ib qilishadi.

“Futbol do`stlik uchun”  loyihasining ettinchi mavsumi doirasida turli mamlakatlarda bir qator tadbirlar o`tkaziladi. Bolalar va katta yoshdagi insonlar “Futbol do`stlik uchun” xalqaro bayram kunini birgalikda nishonlashadi, o`rtoqlik o`yinlari va mahorat darslarida qatnashishadi,  shuningdek, bir-birlariga loyihaning rasmiy ramzi – tenglik va sog`lom turmush tarziga ixlosmandlikning ifodasi bo`lgan, musaffo osmon va yashil maydonni anglatadigan ko`k va yashil rangli iplardan tarkib topgan do`stlik Bilaguzugini boylashadi. 

Butun dunyodan tashrif buyuradigan Yosh jurnalistlar “Futbol do`stlik uchun” loyihasini Xalqaro matbuot markazida yortish orqali o`z imkoniyatlarini sinovdan o`tkazishadi. Bolajonlar muxbirlik kasbining sir-asrorlarini o`rganishadi, shuningdek, dunyoning etakchi OAV vakillari bilan bir safda ijod qilib, katta tajriba to`plashadi.

Bu yil yosh ishtirokchilar orasida nafaqat futbolchi, murabbiy va jurnalist, balki Yosh hakamlar – turli mamlakatlardan taklif qilinadigan hakamlik maktabi o`quvchilari ham bo`ladi. Ular bir necha kun davomida Xalqaro do`stlik oromgohining bir qismiga aylanishadi.

Loyihaning yakuniy bosqichida “Futbol do`stlik uchun” xalqaro forumi o`tkaziladi. Uning asosiy voqeasi ishtirokchilar o`rtasidagi futbol bo`yicha Jahon chempionati bo`ladi. Jahon chempionatining finali Madrid shahri qoq markazida, “Plasa-Mayor” maydonida bo`lib o`tadi. Ettinchi mavsum yakunida ishtirokchilar Madrid shahridagi “Vanda Metropolitano” stadionida o`tkaziladigan Evropa Chempionlar ligasi finalini birgalikda tomosha qilishadi.

“Gazprom” kompaniyasi tomonidan amalga oshirib kelinayotgan “Futbol do`stlik uchun” loyihasi butun dunyodagi bolalarda qadriyatlarga bo`lgan hurmatni shakllantirib, ular o`rtasidagi to`siqlarni yo`qotishga, ularni yanada jipslashtirishga xizmat qilmoqda. Bu loyiha turli millat vakillari bilan o`zaro do`stlik aloqalarini o`rnatish va hamkorlikda ishlash imkonini taqdim qiladi”, - deydi Soccer Barcelona Youth Academy asoschisi Mikel Puch.

“Futbol do`stlik uchun” loyihasi bizga butun dunyodan do`stlar orttirish, boshqa millat vakillari bilan yaqin aloqalarda bo`lish uchun qulay imkoniyat. Men bu loyihaning bir qismi bo`lganimdan faxrlanaman”, - deydi hindistonlik yosh jurnalist Ananya Kambodj. 

"Futbol do`stlik uchun" loyihasining ettinchi mavsumida o`zbekistonlik yosh futbolchilar va yosh murabbiy ishtirok etadi. Eslatib o`tamiz, bu O`zbekistonning mazkur loyihada uchinchi bor ishtirok etishi. 2017 yilda mazkur loyihada "Lokomotiv" vakili Ilyos Ahmedov, 2018 yil esa "Bunyodkor" a`zosi Muslim Abdumannopov ishtirok etgandi. 

mib
cola
apex
bmb