Xujjatlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq holat sabab Neftchi xodimlarining ishi O‘FA qo‘mitasida ko‘rib chiqiladi
03.07.2025PFL

Joriy mavsum uchun qishki transfer oynasi 25-fevral kuni o‘z yakuniga yetgandi. Transferning so‘nggi kunida Neftchi klubi 4 nafar futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lib, keyinchalik aniqlanishicha, undagi ayrim hujjatlar soxtalashtirilgan bo‘lgan.
Liga mutaxassislarini Neftchi klubiga Sementchi jamoasidan kelib qo‘shilgan futbolchilarga tegishli ayrim hujjatlar shubhalantirgan. Keyinchalik mazkur masalada o‘rganishlar olib borildi va ayrim jihatlar qayta tekshirib chiqildi. Shundan so‘ng Liga Assotsiatsiyaning maxsus inspeksiyasiga murojaat qilib, mazkur ishni to‘liq o‘rganib chiqishni so‘radi.
O‘tgan davr davomida maxsus inspeksiya to‘plangan barcha ma’lumotlarni o‘rganib, Neftchi va Sementchi vakillari bilan suhbatlar o‘tkazdi hamda masalaga oydinlik kiritdi. Sementchi tarkibida ro‘yxatdan o‘tgan 4 futbolchining shartnomasi yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, ayni vaqtda Neftchi klubida faoliyat olib borayotgan xodimlar 25-fevral kuni Ligaga yuklanishi lozim bo‘lgan hujjatlarni soxtalashtirgan.
Reglamentning buzilishi holatlari aniqlanganidan kelib chiqib, aybdor shaxslar va klubga nisbatan sanksiya qo‘llash uchun ushbu ish O‘FA tegishli qo‘mitasiga oshirildi. Qo‘mita qaror qabul qilgach, bu haqda batafsil ma’lumot beriladi.