Xorazm sport majmuasini Superliga o‘yinlariga tayyorlash yakuniy bosqichga kirdi

03.08.2025Superliga

Xorazm sport majmuasini Superliga o‘yinlariga tayyorlash yakuniy bosqichga kirdi

15 yillik tanaffusdan so‘ng Superligaga qaytgan Xorazm futbol klubi mavsum boshidan buyon o‘z uy o‘yinlarini turli shaharlarda o‘tkazib kelmoqda. Bu vaqt ichida Xorazm sport majmuasini Superliga talablari asosida qayta ta’mirlash ishlari olib borildi. 


O‘tgan vaqt davomida Liga mutaxassislari muttasil ravishda Xorazm sport majmuasi tayyorgarligini monitoring qilib bordi. So‘nggi marta ular 31-iyul kuni majmuada bo‘lib, navbatdagi hisobotni tayyorladi. O‘rganishlar xulosasi Xorazm klubi va nihoyat Superliga o‘yinlarini o‘z uyida qabul qilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. 


Liga Xorazm va Nukus shaharlarida Superliga bellashuvlari sun’iy maydonda o‘tkazilishi masalasida Assotsiatsiya bilan birgalikda ish olib bordi. Ekologik holat mazkur mintaqalarda tabiiy chim o‘stirish va keyinchalik uni parvarish qilib borishda muammolar keltirib chiqarishi mumkinligi, qolaversa, bu katta xarajatni talab qilishi ehtimolini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, sun’iy qoplama FIFA standartlariga mos kelishi lozimligi hamda professional futbol uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyatini berishi shartida Xorazm sport majmuasiga sun’iy qoplama yotqizilishi uchun ruxsat berildi. Xorazm mazkur talabni bajardi. Hozirga qadar arenada qator sinov o‘yinlari o‘tkazildi va ularda ehtimoliy kamchiliklar kuzatilmadi.  


Shuningdek, VAR imkoniyatlaridan kelib chiqib, Termizdagi kabi Xorazm sport majmuasining o‘ziga alohida VAR texnikasi sotib olindi va majmuada alohida VAR xonasi tashkil etildi. 31-iyul kuni Liga hamda “Sport ijodiy birlashmasi”ning teletranslyatsiyalar uchun mas’ul mutaxassislari ham majmuada bo‘lib, Superliga o‘yinlarini efirga uzatish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan hisobot tayyorladi. 


Stadion projektorlari iyul oyiga qadar ikki qayta sozlangan va yaxshilangan bo‘lsa-da, ular Superliga talabiga javob bermay kelayotgandi. Shundan kelib chiqib, may yoki iyun oylarida mazkur arenada rasmiy o‘yin o‘tkazish uchun ruxsat berilmadi. Natijada iyul oyida qo‘shimcha texnikalar jalb qilish ustida ish olib borildi. 31-iyul holatiga ko‘ra, projektorlar yorug‘ligi o‘rtacha 1 830 lyuksga yetkazildi. Ammo bu masala to‘liq yopilmagan bo‘lib, ayni vaqtda majmuaga qo‘shimcha texnika yetkazilishi davom etmoqda. Yakunda projektorlarning o‘rtacha yorug‘ligi 2 000 lyuksdan oshirilishi ko‘zda tutilgan. 


Yuqoridagilardan kelib chiqib, Superliga 19-turidan o‘rin olgan Xorazm — Qizilqum uchrashuvi bilan Xorazm viloyatiga Superliga qaytishi masalasida kelishuvga erishildi. Unga qadar Liganing turli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislari klub va stadion bilan hamkorlikda ish olib, majmuani rasmiy bellashuvga tayyorlash ishlarini davom ettiradi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar