UZCARD 2027-yil so‘ngiga qadar o‘zbek futboli bilan
19.03.2025O`zbekiston SuperkubogiPFLVideo

Yagona umumrespublika protsessing markazi — UZCARD 2024-yildan e’tiboran mamlakatimiz futbolini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston futboli uchun javobgar tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, UZCARD shu yilning o‘zida ham O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, ham Professional futbol ligasi bilan 1 yillik hamkorlik shartnomasi imzoladi.
Ortda qolgan 2024-yilda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani va Parij yashil maydonlarida ko‘rinish bergani barchamizni birdek xursand qildi. Endilikda bu muvaffaqiyatni milliy terma jamoa yanada yuksakroq marra bilan takrorlash arafasida turibdi. Ishonamizki, mamlakatimiz bosh jamoasi tez orada mundial havosi bilan yashashni boshlaydi.
Futbolimizda yana bir yangi sahifa ochilishi arafasida UZCARD O‘FA hamda O‘zPFL bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qildi. Yangi imzolangan shartnoma 2027-yil yakuniga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, bu vaqt davomida UZCARD Assotsiatsiya bosh homiysi sifatida terma jamoalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 2025 va 2026-yillar davomida O‘zbekiston Superkubogining titul homiysiga aylanadi.
“Futbolni qo‘llab-quvvatlash biz uchun alohida ahamiyat kasb etadi, chunki u nafaqat sport, balki yoshlarni rivojlantirish, kuchli ma’naviyat va jamiyat hamjihatligini shakllantirishning qudratli vositasidir. O‘FA va O‘zPFL bilan hamkorlikda biz O‘zbekistonda sport an’analarini mustahkamlash va sportchilar uchun yangi istiqbollarni ochishga intilamiz”, — dedi UCMG bosh direktori David Melekidze.
Umid qilamizki, bu hamkorlik milliy futbolimiz uchun xayrli bo‘ladi va biz birgalikda mundialda ishtirok etish orzusiga erishamiz.



