
O‘zbekiston Superligasining 9-turidan o‘rin olgan bahslari start olmoqda. Bugun muxlislar turning markaziy o‘yiniga guvoh bo‘lishadi. Mazkur bahsda turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turgan Paxtakor jamoasi beshinchi o‘rinni egallab turgan Buxoro klubi mehmoni bo‘ladi.
Har ikki jamoa mavsumni yaxshi boshladi, deya olamiz. Paxtakor o‘zi o‘tkazgan 8 ta o‘yinning 7 tasida g‘alaba qozondi. Shuningdek, jamoa safarda o‘tkazgan barcha o‘yinlarida g‘alaba qozongani e'tiborga molik. Sherlar safarda mag‘lub etgan jamoalar ichida amaldagi chempion Neftchini ham borligi ushbu g‘alabalar nufuzini yanada oshiradi.
O‘z navbatida, Buxoro jamoasi ham bu yil mezbon sifatida o‘tkazgan birorta o‘yinida mag‘lubiyatga uchraganicha yo‘q. Aleksandr Xomyakov boshqaruvidagi klub joriy mavsum Buxoroda kechgan o‘yinlarda Qo‘qon-1912, Qizilqum, Dinamo kabi jamoalarni mag‘lub etdi. Shuningdek, Xorazm jamoasi bilan durang o‘ynadi. Shundan xulosa qilish mumkinki, Buxoro o‘z maydonida istalgan klubga jang taklif qila oladi.
Bundan tashqari o‘tgan mavsumda Buxoro jamoasi O‘zbekiston kubogi finalida Paxtakorga alamli tarzda mag‘lub bo‘lgan edi. Shunday ekan Buxoro futbolchilari bu galgi uchrashuvga yuqori motivatsiya va revansh olish kayfiyati bilan tushishlarini tahmin qilish qiyin emas.
Xo‘sh, turning markaziy o‘yinida bizni nima kutmoqda. Paxtakor safarda g‘alaba qozonib yetakchiligini mustahkamlab oladimi yoki Buxoro o‘z muxlislari qarshisida O‘zbekiston kubogidagi mag‘lubiyat uchun Paxtakordan revansh oladimi? Bu savolga bugun 20:15 da start oladigan Buxoro — Paxtakor o‘yinini tomosha qilish orqali javob topamiz.