
Bugun O‘zbekiston Superligasining 5-tur o‘yinlari start oladi. Tur doirasida “Bunyodkor” klubi o‘z maydonida hamshahari “Lokomotiv”ni qabul qiladi.
Mazkur jamoalar so‘nggi bor 2025-yilning 21-may sanasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi doirasida to‘qnash kelgan. Ushbu o‘yinda Abdulloh Yo‘ldoshev tomonidan kiritilgan yagona gol evaziga “Lokomotiv” klubining qo‘li baland kelgan.
2026-yilgi Superliga startini har ikki jamoa bir xil boshladi. Ayni vaqtda temiryo‘lchilarning hisobida ham, “qaldirg‘ochlar”da ham 7 ochko mavjud. “Bunyodkor”da to‘plar nisbati 4:3 ni, mehmonlarda esa ushbu ko‘rsatkich 6:4 ni tashkil etmoqda.
Bugungi o‘yinda qo‘lga kiritilajak g‘alaba har ikki jamoani musobaqa jadvalida 2-o‘ringa olib chiqishi mumkin. Shunday ekan, bugungi o‘yin har doimgidan-da qiziqroq o‘tishi aniq.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Superligasining 5-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Lokomotiv” o‘yini bugun soat 19:00 da start oladi.
