Tartib-intizom qo‘mitasi Bunyodkor — Lokomotiv uchrashuvidagi mojaro yuzasidan qaror chiqardi

13.04.2026PFLSuperliga

Tartib-intizom qo‘mitasi Bunyodkor — Lokomotiv uchrashuvidagi mojaro yuzasidan qaror chiqardi

Joriy yilning 10-aprel sanasida Liga qoshidagi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur sanagacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida O‘zbekiston Superligasi hamda U21 chempionati uchrashuvlarida ishtirokchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar yuzasidan qaror chiqarildi.


Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan asosiy mavzu — Superliga 5-turi doirasida bo‘lib o‘tgan Bunyodkor – Lokomotiv uchrashuvi yakunida yuzaga kelgan vaziyat qo‘mita a’zolari tomoinidan atroflicha o‘rganildi. Ma’lumot uchun, mazkur bahs yakuniga yetgach, ikkala jamoa vakillari ishtirokida ziddiyatli vaziyat yuzaga kelgan va jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgandi. Vaziyat ishtirokchilari Liga so‘roviga ko‘ra O’FA futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasiga chaqirtirilgan va maxsus inspeksiya tomonidan yuqoridagi vaziyat atroflicha o‘rganildi. O‘z navbatida, inspeksiya ushbu vaziyat xulosasini Liga qoshidagi Tartib-intizom qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etgan.


Liga qoshidagi Tartib-intizom qo‘mitasi yuqorida taqdim etilgan Inspeksiya xulosasi, uchrashuv komissari bildirgisi, vaziyat videoyozuvi, boshqa guvohlar dalillarini atroflicha o‘rgandi.


Unga ko‘ra mazkur uchrashuvdan so‘ng Bunyodkor seleksioner murabbiyi — Bek Abdullayev va Lokomotiv jamoasi futbolchisi — Abdulloh Yo‘ldoshev o‘zaro tortishishi oqibatida mushtlashuv kelib chiqqani, vaziyatga Bunyodkor futbol klubi futbolchisi — Narimonjon Ahmadjonov ham aralashishi oqibatida Bek Abdullayev va Abdulloh Yo‘ldoshevlar kichik tan jarohati olgani, O’FA futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasining o‘rganish xulosasiga ko‘ra, uchrashuvning 62-daqiqasida Lokomotiv jamoasi futbolchisi Abdulloh Yo‘ldoshev Bunyodkor futbol klubi futbolchisi Narimonjon Ahmadjonovga qo‘pollik ishlatganidan so‘ng, uchrashuv hakami tomonidan unga sariq kartochka ko’rsatilgani, keyinchalik mazkur futbolchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmochilik kelib chiqqani, uchrashuvdan so‘ng mushtlashuv sodir bo‘lgani, bu vaziyatga Milliy gvardiya xodimlari aralashib, ularni ichki ishlar organlari tayanch punktiga olib borgani, u yerda bir-birlariga da'vosi yo‘qligi bildirilgandan so‘ng, futbolchilar va Bunyodkor futbol klubi seleksioner murabbiyi qo‘yib yuborilgani kabi holatlar aniqlandi.


Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda qo‘mita quyidagicha qarorga keldi:


O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 81-moddasiga asosan Bunyodkor futbol klubiga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.


O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 81-moddasiga asosan Lokomotiv futbol klubiga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.


O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 62-moddasiga asosan Bunyodkor futbol klubi seleksioner murabbiyi — Bek Abdullayevga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.


O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 65-moddasiga asosan Bunyodkor futbol klubi futbolchisi — Narimonjon Ahmadjonovga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.


O‘zbekiston Professional futbol ligasi Tartib-intizom kodeksining 65-moddasiga asosan Lokomotiv futbol klubi futbolchisi — Abdulloh Yo‘ldoshevga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar