Surxon 2025-yilgi mavsumni Termizda boshlaydi
30.12.2024Superliga
Stadiondagi muammolar sabab so‘nggi yillarda raqiblarini boshqa shaharlarda qabul qilgan Surxon 2025-yilgi mavsumdan e’tiboran o‘z uyiga qaytadi.
Termizdagi Surxon arena maydoni, uning drenaj va sug‘orish tizimi, shuningdek, stadion yoritish tizimi Liga talablari asosida ta’mirdan chiqarilgan. Shuningdek, stadion ortida yana bitta tabiiy maydon bunyod etilgan bo‘lib, bu yerda U21 jamoasi o‘z raqiblarini qabul qilishi ko‘zda tutilgan.
Termiz qolgan shaharlarga nisbatan uzoqroq ekanidan kelib chiqib, Assosiatsiya va Surxon o‘zaro hamkorlikda VAR texnikasi xarid qilgan. Mazkur texnika stadionga o‘rnatiladi va undan Superliga bellashuvlari davomida foydalaniladi. Shuningdek, viloyat televideniyesi Termizdagi uchrashuvlarni teletranslyatsiya qilishi masalasida ish olib boriladi. Shu kunga qadar Superliga o‘yinlarida VAR texnikasidan foydalanish bo‘yicha ishlab kelayotgan tizim masofa jihatidan Termizga mos kelmasdi. Shundan kelib chiqib, stadion foydalanishga topshirilishi masalasida 2024-yilgi mavsum davomida qator ishlar amalga oshirildi va Surxon yaqinlashayotgan mavsum uchun o‘z arenasini Liga ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Liga Surxon klubi o‘z uyiga qaytayotganini olqishlaydi. Ishonamizki, katta futbolni sog‘ingan surxondaryolik ishqibozlar o‘z jamoasini qo‘llashda eng yaxshilaridan biri bo‘ladi.