
JCH-2026 final o‘yini 19-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Liga rejasiga ko‘ra, yozgi tanaffus aynan shu sanada yakuniga yetadi va 20-iyuldan Superliga 12-turiga start beriladi.
O‘tgan vaqt davomida Liga bosh direktori a’zo hisoblangan OFK Professional futbol qo‘mitasi Chempionlar ligasining ikki musobaqasi uchun kvotalarni qayta taqsimlash ustida ishladi. Uning yakuniy qarori e’lon qilinmaguniga qadar, Liga mundialdan keyingi taqvim uchun sanalar belgilamagandi. Endilikda shu yilning sentyabr oyidan e’tiboran start oladigan Elit Chempionlar ligasi hamda Chempionlar ligasi 2 kabi musobaqalarning guruh bosqichida O‘zbekistonning uch klubi to‘p surishi rejalashtirilmoqda.
Xabaringiz bor, Liga 2026-yilgi mavsum qur’asini yangi mexanizm asosida o‘tkazgan bo‘lib, undan Paxtakor klubining 11-avgust sanasiga eng yaqin uchrashuvini Toshkentda o‘tkazish masalasi ham o‘rin olgandi. Qur’a tashlanayotgan vaqtda Paxtakor Chempionlar ligasi 2 guruh bosqichida ishtirok etishi belgilangandi. Endilikda Superliga vitse-chempionida Elit Chempionlar ligasining saralashida ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ldi. Katta ehtimol Paxtakor saralash o‘yinini BAA mamlakatida o‘tkazadi. Mazkur bellashuvda g‘olib chiqsa, qit’aning eng nufuzli klublar musobaqasining liga bosqichida qatnashadi. Bitta uchrashuvdan iborat saralashda mag‘lubiyatga uchrasa, Nasaf bilan birgalikda Chempionlar ligasi 2 musobaqasining guruh bosqichida ishtirok etadi.
Qiziq tarafi shundaki, Liga avvaldan inobatga olgan 11-avgust sanasida toshkentliklar baribir poytaxtda o‘ynay olmaydi. Aynan shu kuni Paxtakor safarda BAA klubi mehmoni bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda, Liga mavsumning ikkinchi yarmi uchun taqvimda ayrim o‘zgarishlarga qo‘l urishni rejalashtirgan. 20-iyul sanasidan boshlab 30-avgustga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Superliganing kubok guruh bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazgan klubi 9 ta uchrashuvda ishtirok etishi lozim. Shundan kelib chiqib, Paxtakor klubining Superliga 16-turidan o‘rin olgan Buxoro bilan uchrashuvini mazkur sanalar oralig‘iga joylashtirish imkoniyati mavjud emas. Liga buni inobatga olib, mazkur uchrashuvni belgilangan sanadan avvalroq o‘tkazishi katta ehtimol. Buning uchun nisbatan qulayroq sana JCH-2026 yarim final uchrashuvlaridan keyin bo‘lishi mumkin.
Ayni vaqtda Liga iyul oyidan e’tiboran o‘tkaziladigan uchrashuvlar taqvimini ishlab chiqmoqda. Tez orada rasmiy veb-saytimizning uchrashuvlar bo‘limida aniq sanalar e’lon qilinadi.