Superliga. Mart oyida tomosha qilishingiz kerak bo‘lgan 5 ta o‘yin

03.03.2026PFL

Superliga. Mart oyida tomosha qilishingiz kerak bo‘lgan 5 ta o‘yin

O‘zbekistonda yangi futbol mavsumi start oldi. Fevral oyining so‘nggi kunlarida bir qator murosasiz bahslarga guvoh bo‘ldik. Mart oyida ham bizni bir qator qiziqarli o‘yinlar kutmoqda. 


     Bunyodkor — Dinamo


Birinchi turda muhim g‘alabaga erishgan Bunyodkor jamoasi ikkinchi turni o‘z maydonida o‘tkazadi. 6-mart kuni bo‘lib o‘tadigan ushbu bahsda qaldirg‘ochlarga dastlabki turda mag‘lubiyatga uchragan Samarqandning Dinamo jamoasi raqiblik qiladi.


Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘tgan yilgi to‘qnashuvlar ham juda qiziqarli o‘tgan. Bunyodkor mezbonligi ostida o‘tgan bahsda Vadim Abramov boshchiligidagi Dinamo, Samarqandda o‘tgan bahsda esa Ilyos Zeytullayev boshqaruvidagi qaldirg‘ochlar g‘alaba qozongan edi. Ko‘ramiz, jamoalarning bu galgi to‘qnashuvida qaysi jamoa zafar quchar ekan.


     Paxtakor — Navbahor


Mavsumni juda yaxshi boshlagan Toshkentning Paxtakor va Namanganning Navbahor klublari Superliganing 3-turi doirasida o‘zaro to‘qnash keladi. Uchrashuv 10-mart kuni Paxtakor stadionida bo‘lib o‘tadi. 


Ayni vaqtda har ikki jamoani ham istiqbolli mutaxassislar Timur Kapadze va Kamoliddin Tojiyev boshqarmoqda. Ular o‘zlarining qisqa faoliyatlari davomida katta muvaffaqiyatlarga erishishni uddalashdi. Kapadze terma jamoani Jahon chempionatiga olib chiqqan bo‘lsa, Tojiyev Paxtakor bilan O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi. Ushbu mutaxassislar va ular boshqaruvidagi jamoalardan bu yilda ham ko‘pchilik ijobiy natijalar kutmoqda. Bu o‘yin esa jamoalar uchun ham, murabbiylar uchun ham jiddiy sinov bo‘lishi aniq.


      Neftchi — Andijon


Superliganing 3-turi doirasida muxlislar vodiy derbisiga guvoh bo‘lishadi. Mazkur bahsda Samvel Babayan boshchiligidagi Andijon klubi musobaqaning amaldagi chempioni Farg‘onaning Neftchi klubi bilan to‘qnash keladi. 


Mazkur qarama-qarshilik har doim keskin va murosasiz ruhda o‘tib kelgan. Vodiy jamoalari o‘rtasidagi bellashuv nafaqat uch ochko, balki prinsipial ustunlik uchun ham ahamiyatli hisoblanadi.


Har ikki jamoa uchun mavsum omadli boshlandi. Andijon ham, Neftchi ham yirik g‘alabaga erishdi. Shunday ekan, jamoalarda kayfiyat yuqori. 3-tur doirasidagi ushbu uchrashuv Superliga muxlislariga yorqin va esda qolarli futbol taqdim etishi shubhasiz.


     Dinamo — Nasaf


Mavsumni qiyin g‘alaba bilan boshlagan Nasaf klubi musobaqaning uchinchi turi doirasida Samarqandda Dinamo mehmoni bo‘ladi. 


Ushbu jamoalar o‘rtasida o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan har ikki bahs futbol jamoatchiligi tomonidan juda katta qiziqishga sabab bo‘lgan edi. Ayniqsa, so‘nggi turda bo‘lib o‘tgan bahs uchinchi o‘rin taqdirini hal etgan va o‘z maydonida muhim durangni qo‘lga kiritigan Nasaf klubi yakunda bronza medallarga ega chiqqandi. Xo‘sh, Dinamo ushbu holat uchun o‘z muxlislari qarshisida g‘alaba qozonish orqali revansh oladimi yoki Nasaf muvafaqqiyatli seriyasini davom ettiradimi? Buni 11-mart kuni bilib olamiz.


     Neftchi — Paxtakor


Mart oyining bezagiga aylanishi kutilayotgan o‘yin 15-mart kuni Andijon viloyatida joylashgan Bobur arena stadionida bo‘lib o‘tadi. Shu kuni O‘zbekiston Superkubogi uchun Superliganing amaldagi chempioni bo‘lgan Farg‘onaning Neftchi klubi mamlakat kubogi musobaqasining 2025-yilgi sohibi Toshkentning Paxtakor klubiga qarshi o‘ynaydi. 


Bu yil juda ko‘plab mutaxassislar tomonidan bu ikki jamoa O‘zbekiston Superligasi g‘olibligi uchun asosiy da'vogarlar qatorida e'tirof etilmoqdalar. Shunday ekan, mazkur bahsda qozonilajak g‘alaba jamoaga nafaqat O‘zbekiston Superkubogini keltirishi bilan, balki Superligada ham g‘oliblik ruhiyatini berish bilan ahamiyatlidir.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar