Superliga introsi endi jonli kadrlar uyg‘unligida bo‘ladi

23.02.2026Superliga

Superliga introsi endi jonli kadrlar uyg‘unligida bo‘ladi

21-fevral kuni Liganing Telegram sahifasida Superliga uchun avvalgi yillarda tayyorlangan introlar eslab o‘tildi. Mavjud holatdan kelib chiqib, o‘tgan mavsumlarda grafik ko‘rinishlar, sun’iy intellekt ta’siri asosiy planda bo‘ldi.


2022-yilgi intro muxlislarga manzur bo‘lganini izohlardan ham bilish qiyin emas. O‘zbek futboli oldinga yura boshlaganiga ishora sifatida taqdim etilgan rolikda Superliga klublarining ramzlariga e’tibor qaratildi. Uning tarixiyligi shundan iboratki, AGMK, Navbahor, Neftchi, Surxon kabi klublarning eski logolari keyinchalik yangisiga almashtirib yuborildi. 




2023-yilga kelib Liga klublar ramzlaridan ko‘ra ko‘proq, ularning logotiplari va geografik joylashuvlarini ko‘rsatishga qaror qildi. Bunda Game of Thrones filmi introsidan ilhomlanilganligini qayd etish lozim. Rolik nafaqat o‘zbek futboli jamoatchiligi, balki xorij OAV e’tiborini ham o‘ziga qaratdi. Ispaniyaning mashhur Marca nashri Superliga introsi haqida alohida material chop etdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning chet ellik foydalanuvchilari o‘rtasida Superliga introsi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. 




Ko‘rib turganingizdek, 2023-yilgi intro Turon klubini tarixga muxrlagan. Qizilqum va Nasaf klublari esa shundan keyin o‘z logotiplarini o‘zgartirishgan. 


Oradan bir yil o‘tib Liga sekin-asta dunyoni qamrab olayotgan sun’iy intellektga e’tibor qaratishni lozim deb topdi va endilikda klublarning asosiy nomlarini kadrlarga muxrladi. Endi nafaqat logotip va ramzlar, ular qatoriga futbolchilar ham qo‘shildi. 




2024-yilgi introda Metallurg va Olimpik klublari bor edi. Bekobod jamoasi shu yildan so‘ng tarqatib yuborildi. Olimpik esa Proligaga tushib ketdi. Bugunga kelib Olimpik Liga uchun tarixga aylanib ulgurdi. 


2025-yilgi rolikda Angliya Premyer-ligasining 2013/14 mavsumi jihatlarini ko‘rish mumkin. Bunda tajriba nisbatan ko‘proq bo‘lib, introga temp qo‘shildi. Liga intro musiqasi masalasiga alohida yondoshdi hamda DJ Piligrim va Jasur Badalbayev bilan hamkorlik qildi. Unda milliy ruh va ohangga e’tibor qaratildi, bir vaqtning o‘zida Superliga madhiyasi paydo bo‘ldi. UZSL brendi shakllanishga o‘tdi. 




O‘tgan yillar davomida Liga infratuzilmani rivojlantirish, media yo‘nalishida oldinga siljishga harakat qildi. Bugunga kelib bizda bir-biriga uzviy bog‘langan, biroq alohida ixtisoslikda faoliyat olib boradigan Translyatsiya, Matbuot xizmati, Media kabi bo‘limlar mavjud. Liga o‘z studiyasi, texnikasi va ko‘chma televizion stansiyasiga ega. 


2025-yilgi mavsum davomida Liga mutaxassislari televizion translyatsiyalardan tashqari markaziy uchrashuvlarni alohida suratga tushirib borishga harakat qildi. Stadionlar, maydonlar sifati, muxlislik va boshqa qator jihatlar roliklarning rang-barang bo‘lishi, mamlakat ichki chempionatining xarakteri, rangi va sifati shakllanishiga olib keldi. Shundan kelib chiqib, Liga endilikda jonli kadrlarga kattaroq urg‘u berishga qaror qildi. Ishonamizki, futbol jamoatchiligi uchun bu manzur bo‘ladi.


    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar