Superliga 6-tur. Liga komissari bildirgisidan ko‘chirma

24.04.2025Superliga

Superliga 6-tur. Liga komissari bildirgisidan ko‘chirma

18-21 aprel kunlari Superliga 6-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. 


Xorazm 0:0 Bunyodkor 


Har ikki klub vakillari Countdown’ga amal qilmagani qayd etilgan. Komissar bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, jamoalar chigalyozdi mashg‘ulotlarini 3 daqiqa kech yakunlagan. Shuningdek, tomonlarning U21 jamoalari ishtirokidagi uchrashuvga 2 daqiqa vaqt qolganidagina xorazmlik futbolchilar kiyim almashtirish xonasidan chiqib kelgan. Oqibatda uchrashuv 4 daqiqa kech boshlangan. 


Asosiy tarkib o‘yinida kechikish kuzatilmagani sabab Liga har ikki klubni rasman ogohlantiradi. Komissarning reglament asosidagi talabi kelgusi turda ham paysalga solinsa, klubga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi. 


Qizilqum 1:0 Qo‘qon-1912


Komissar bildirgisida Dinamo stadioni personalida hozirga qadar tegishli akkreditatsiyalar mavjud emasligi qayd etilgan. Bu o‘z navbatida texnik hudud va uning atrofida faoliyat olib borayotgan shaxslar bilan ishlashda komissar ishiga halal bergan. 


Qizilqum klubi Dinamo stadionidan ijara asosida foydalanib kelayotgan bo‘lib, klub 4-may kuni Navoiy shahriga qaytadi. Mavjud holatni inobatga olib, Liga Qizilqum klubini rasman ogohlantiradi. Garchi klub o‘z uy uchrashuvlarini safarda o‘tkazgan bo‘lsa-da, rasmiylar mezbonlik bilan bog‘liq majburiyatlarni his qilishi va ularga to‘liq amal qilishi shart. Navoiydagi o‘yinda shu kabi holat kuzatilsa, klubga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi. 


Dinamo stadioni xodimlari bilan esa Dinamo klubi vakillari ishlashi shart. Dinamo klubining kelgusi uy uchrashuvida stadion xodimlari Liga talab qilgan ko‘rinishda akkreditatsiya bilan ta’minlanmagan bo‘lsa, klubga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi.


Buxoro 1:3 Nasaf 


Tez tibbiy yordam mashinasi stadionga o‘z vaqtida yetib kelmasligi oqibatida uchrashuv 9 daqiqa kech boshlangan va mazkur holat jonli efirga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. 


Shuningdek, stadion suxandoni kechikishi oqibatida, u bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalada kechikish kuzatilgan. Reglamentning 16.35-bandi esa e’tiborsiz qoldirilgan. 


Mikst-zona tartibga solinmagan, klub matbuot xizmati mazkur masalaga yetarlicha e’tibor qaratmagan. 


Reglamentning 15.14-bandini buzish orqali to‘p olib beruvchi bolalarga nisbatan hurmatsizlikka yo‘l qo‘yilgan. 


Komissar xonasida internet ishlamagan. Qo‘shimchasiga, printer mavjud bo‘lmagan. 


Buxoro futbol klubi mezbonlik bilan bog‘liq talablarga nisbatan loqayd munosabatda bo‘lgani uchun unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi. 


Neftchi 0:4 Paxtakor 


Uchrashuv davomida na komissar xonasi va darvoza ortida joylashgan fotograflar nuqtasida internet ishlagan. 


Jamoaviy suratga tushish uchun Liga homiysining 2025-yilgi mavsum uchun ishlangan konstruksiyasi emas, 2024-yilgi mavsumdagisi olib chiqilgan. Bunga sabab sifatida stadionning yangi konstruksiya turgan xonasi qulflanib qolgani ko‘rsatilgan. 


Liganing shartnomaviy majburiyatlari bo‘yicha talabiga loqayd munosabatda bo‘lgani uchun Neftchi futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi. 


Surxon 1:0 Navbahor 


Hakamlar joy olgan mashina tushunarsiz sabablarga ko‘ra stadion hududiga 15 daqiqa davomida kiritilmagan. Xavfsizlik uchun javobgar organlar bilan lozim darajada ish olib borilmaganidan kelib chiqib, Surxon futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi. 


Andijon 1:2 Dinamo 


Uchrashuvning 74-daqiqasida mehmon jamoa futbolchisiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarurati vujudga keldi. Komissar bildigisida qayd etilishicha, tez tibbiy yordam mashinasida bint, qaychi va kerakli dori vositalari bo‘lmagan, oqibatda futbolchiga yetarlicha yordam ko‘rsatilmagan. Liga Andijon viloyati rasmiylaridan tez tibbiy yordam mashinasi futbol uchrashuviga rasmiyatchilik uchun emas, chindan ham jarohatlangan futbolchiga birinchi yordamni ko‘rsatish uchun kelishi masalasini eslatib o‘tishni lozim topadi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar