Superliga 5-tur. Liga komissari bildirgisidan ko‘chirma
21.04.2025Superliga

Liga rasmiy uchrashuvni tashkil etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan klublar haqida ma’lumot berishda davom etadi.
Navbahor 2:0 Sho‘rtan
Namangandagi stadionda tibbiyot zambilini ko‘tarish uchun yetarlicha personal topilmagan. Tez tibbiy yordam shifokori zambil ko‘tarishga majburlanayotgani Liga komissari bildirgisida qayd etilgan.
Komissar, shuningdek, klub matbuot xizmati sust faoliyat olib borayotgani masalasini ko‘targan. Superliga 3-turidan o‘rin olgan Navbahor 2:2 Andijon o‘yinida kotib hamda xavfsizlik ofitseri media tribunaga begona shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘yib bergandi. Bu safar esa fotograflar uchun ajratilgan hududda tegishli akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan begona shaxslar qayd etilgan. Maxsus nimchalarsiz harakat qilgan mazkur shaxslarning ayrimlarida 2023-yilgi Osiyo kubogi saralash uchrashuvi uchun berilgan akkreditatsiyalar, shuningdek, Ligaga umuman aloqasi bo‘lmagan boshqa turdagi ruxsatnomalar mavjud bo‘lgan. Ular komissar tomonidan texnik hududdan chiqarib yuborilgan. Biroq matbuot xizmatining bunday loqaydligi bir necha bor qaytarilayotganidan kelib chiqib, klubga nisbatan chora ko‘rish so‘ralgan.
Shuningdek, Navbahor klubi xavfsizlik ofitseri yuqoridagi masala uchun bevosita javobgar hisoblanadi. Qo‘shimchasiga, texnik hududda tegishli ruxsatnomasiz bir qator shaxslar bemalol harakat qilayotgan bo‘lsa-da, ofitser bu masalani tartibga solmagan.
U21 jamoalari ishtirokidagi o‘yinda namanganlik futbol muxlislari komissar ishiga halal bergan. Vaziyatga ichki ishlar xodimlari aralashib, ayrim muxlislarni tribunadan chiqarib yuborgan. Klub xavfsizlik ofitseri esa muxlislar texnik hududda emas, qarama-qarshi tribunadan joy olishi masalasida tegishlicha ish olib bormagan.
Qo‘qon-1912 1:0 Buxoro
Uchrashuv yakunida maydonga muxlislar tushib ketishi holati kuzatilgan. Komissar bildirgisida klub xavfsizlik ofitseri mazkur masalada yetarlicha ishlamagani qayd etilgan.
Liganing rasmiy uchrashuvni o‘tkazish bilan bog‘liq badiiy dasturiga klub tomonidan bepisand munosabatda bo‘lingan va u tabloda yetarlicha aks ettirilmagan. Liga Qo‘qondagi stadion maxsus xodimlari bu borada qanday faoliyat olib borishini o‘rgatish uchun Superliga 1-turidan o‘rin olgan bellashuvga o‘z mutaxassislarini yuborgan bo‘lsa-da, keyingi turlarda uning ijrosi yetarli darajada ta’minlanmayapti.
Shuningdek, Liga marketing bo‘limi mazkur bellashuv yuzasidan o‘z e’tirozlarini kiritib o‘tgan. Mazkur e’tiroz bevosita Liga shartnomalari bilan bog‘liq ekanligidan kelib chiqib, Qo‘qon-1912 klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi.
Dinamo 1:1 So‘g‘diyona
Tez tibbiy yordam uchrashuvoldi mashg‘ulotda ishtirok etmagan. Aynan uning stadionga kech yetib kelishi oqibatida bellashuv 12 daqiqa kech boshlangan. Bu klub rasmiylarining uchrashuvni tashkil etish bilan bog‘liq qo‘pol kamchiligi hisoblanadi va klubga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida ikki muxlis maydonga yugurib chiqqan. Ular Milliy gvardiya xodimlari nazorati ostida maydondan olib chiqilgan.
Stadionda tablo bilan bog‘liq muammo mavjud. U kelgusi turga qadar hal etilmasa, klubga nisbatan chora ko‘riladi.
Bunyodkor 0:0 Qizilqum
Bunyodkor klubi rasmiy shaxslari texnik hududga maxsus ruxsatnomalarsiz chiqib kelgan. Shuningdek, komissar ogohlantirishiga qaramay, texnik hududda ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan begona shaxslar harakat qilgan. Shundan kelib chiqib, Bunyodkor klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi.
Xorazm 0:1 OKMK
Uchrashuv yakunida bir necha bolalar maydonga yugurib tushgan. O‘yin Olmaliq shahrida tashkil etilgani, garchi mezbon Xorazm klubi bo‘lsa-da, OKMK tashkilotchilik bilan bog‘liq masalalarni o‘z zimmasiga olganidan kelib chiqib, OKMK klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi.
U21 jamoalari ishtirokidagi o‘yinga xorazmlik futbolchilar asosiy tarkibniki libosidan farq qiladigan liboslarda chiqib kelgan. Liga Xorazm klubidan reglament bandlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni so‘raydi va klubni rasman ogohlantiradi.