
10-mart kuni O‘zbekiston Superligasining 3-turi doirasidan o‘rin olgan bahslar start oladi. Dastlabki kunda muxlislar bir emas, ikki markaziy uchrashuvga guvoh bo‘lishadi.
Tur vodiy derbisi bilan boshlanadi. 2026-yilgi mavsumda o‘z oldiga sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan Andijon jamoasi bu turda Istiqlol stadionida musobaqaning amaldagi chempioni Neftchi klubiga mehmon bo‘ladi.
Ushbu klublar shu vaqtga qadar barcha musobaqalarda 55 bor o‘zaro to‘qnash kelgan. Mazkur bahslarning 36 tasida farg‘onaliklar g‘alaba qozongan. 10 ta uchrashuvda esa burgutlarning qo‘li baland kelgan. Yana 9 ta o‘yin durang natija bilan yakunlangan.
Jamoalarning o‘zaro o‘tkazgan so‘nggi 4 ta o‘yinida Farg‘ona klubi ustunlikka ega. Ya’ni 2025-yilda bo‘lib o‘tgan har ikki bahsda Neftchi jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. 2024-yilda o‘tkazilgan har ikki o‘yinda esa durang natija qayd etilgan.
Xo‘sh, Islom Ismoilov boshchiligidagi jamoa muvaffaqiyatli seriyasini davom ettira oladimi? Yoki yangilangan Andijon 6 yildan keyin yana Farg‘onadan g‘alaba bilan qaytadimi? Buni bugun soat 19:00 da start oladigan o‘yinni kuzatish orqali bilib olamiz.

Birinchi turda Samarqanddan g‘alaba bilan qaytib, ikkinchi turda Buxorodan kutilmagan mag‘lubiyatni qabul qilib olgan Navbahor klubi ushbu turda Toshkentda Paxtakor mehmoni bo‘ladi. Ta’kidlash kerakki, Paxtakor 2026-yilgi mavsumni ketma-ket 2 ta g‘alaba bilan boshladi.
Ushbu klublar shu vaqtga qadar barcha musobaqalarda 83 bor o‘zaro to‘qnash kelgan. Mazkur bahslarning 48 tasida poytaxtliklarning qo‘li baland kelgan. 17 ta uchrashuvda esa lochinlar g‘alaba qozongan. Yana 18 ta o‘yin durang bilan yakunlangan.
Jamoalarning Superligada o‘zaro o‘tkazgan so‘nggi 4 ta bahsida mutlaq tenglik kuzatilmoqda. Bu o‘yinlarning 2 tasi durang bilan yakunlangan bo‘lsa, qolgan 2 bahsda jamoalar bittadan g‘alabani qo‘lga kiritgan.
Xo‘sh, bu gal qanday natija qayd etiladi? Bu savolga bugun soat 20:00 da start oladigan uchrashuvni tomosha qilish orqali javob topamiz.
