
So‘nggi 10 kun davomida Liga mana shu savolga javob topish ustida ishladi. Buning ham yaxshi, ham noqulay tomoni bor.
Yaxshi tarafi shundaki, mamlakatdagi stadionlar bosqichma-bosqich rivojlanib bormoqda. Taqvim va qur’a mexanizmlarini shakllantirish tomonlama Liga, o‘z sevimli klubi ishtirokidagi uchrashuvni doim ham o‘z stadionida tomosha qila olmaydigan muxlis, shuningdek, har safar boshqa arenaga ko‘chib yurishga majbur klub buning noqulay tomonlarini o‘z tanasida his qilmoqda.
7 ta klub futbol maydoni holatidan kelib chiqib, mavsumni o‘z arenasida boshlashi mumkin: Andijon, Neftchi, Qo‘qon-1912, Bunyodkor, Dinamo, Surxon, Xorazm. Bunyodkor stadioni barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Liga tomonidan qo‘yilgan mezonlarga to‘g‘ri keladi. Respublikadagi qolgan barcha stadionlar esa teletranslyatsiyalar yo‘nalishida ish olib borib, mavjud kamera platformalarini kabellashtirish va ulanishlarni yagona Patchroom orqali markazlashtirish tizimini joriy etishi lozim.
Paxtakor, Qizilqum va Buxoro klublari o‘z uy o‘yinlarini o‘tkazadigan stadionda ishlar davom etayotgan bo‘lib, bunda ular mavsum startiga qadar tayyor bo‘lishga kafolat bermoqda. Ulgurmagan klub yo boshqa stadion bilan shartnoma imzolashi yoki uy o‘yinlarini ham raqib maydonida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Buxoro “Superliga reglamenti”ning 4.7-bandini bajarish ustida ishlamoqda. Boisi, mazkur viloyatda maydon parvarishi uchun mo‘ljallangan zarur texnika mavjud emas. Qizilqum esa Yoshlik SM projektorlarini talab etilgan ko‘rinishga keltirish ishlarini boshlagan. O‘z navbatida Paxtakor ta’mirlash ishlarini yakuniy bosqichda olib bormoqda.
Qolgan 6 ta klub mavsumni boshqa arenada boshlaydi. Qashqadaryoning ikki klubi Qarshidagi Markaziy stadion tayyor bo‘lishini kutadi va u Liga tomonidan qabul qilib olingach, Qarshi shahriga qaytadi. Rejaga ko‘ra, Nasaf klubiga qarashli stadion aprel oyidan boshlab Superliga o‘yinlarini qabul qilishi mumkin. Lokomotiv va OKMK stadionlari ham aprel oyiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Namangandagi stadion tayyor holatga may oyida yetib kelishi katta ehtimol. So‘g‘diyona esa Zomindagi stadionni Superliga uchrashuvlariga moslashtirish harakatiga tushgan. Ish rejadan tashqari kechiksa, klub raqiblarini Samarqandda qabul qiladi.
Taqvim tayyor. Stadionlar masalasida esa hamon noaniqliklar bor. Endilikda Liga qur’a mexanizmini ishlab chiqadi va 2026-yilgi mavsum uchun butkul boshqa uslubdan foydalanadi. Bu haqda keyinroq alohida ma’lumot beriladi.
