
O‘tgan mavsum O‘zbekiston Superligasi bir qator yosh futbolchilarning kashf etilishi bilan yodda qoldi. Ular nafaqat o‘z jamoalarida muhim figuraga aylandi, balki muxlislar va mutaxassislarning ham e’tiborini o‘ziga torta oldi. Endi esa yangi mavsum arafasida ushbu iqtidor egalari oldida yanada katta sinov turibdi. Bugun Superliga start oladi. Shu munosabat bilan o‘tgan mavsum ligada porlagan va bu mavsumda ham o‘z klubiga ulkan umidlar baxsh etayotgan yosh futbolchilarga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Behruzjon Karimov
Surxon jamoasining 2007-yilda tug‘ilgan futbolchisi Behruzjon Karimov o‘tgan yilgi mavsum ajoyib o‘yinlari bilan ko‘pchilikning yodida qoldi. Pozitsiyasi bo‘yicha himoyachi hisoblanuvchi Karimov hujum guruhini ham faol ravishda qo‘llab-quvvatladi.
U o‘tgan yilgi mavsum davomida jamoasining 14 ta o‘yinida ishtirok etdi. 11 ta bahsni asosiy tarkibda boshladi va himoyachi bo‘lishiga qaramay 4 ta gol kiritdi.
Shuningdek, futbolchining o‘yini O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi — Fabio Kannavaroning ham nazaridan chetda qolmadi. Terma jamoaning qishda tashkil etilgan yig‘iniga Behruzjon Karimov birinchi marta jalb etildi. Ushbu yig‘in doirasida Xitoy termasiga qarshi o‘tgan nazorat o‘yinida futbolchi milliy jamoadagi debyut golini kiritishni ham uddaladi.

Amir To‘raqulov
Bunyodkor jamoasining 21 yoshli hujumchisi Amir To‘raqulov o‘tgan mavsum jamoadagi o‘rnini yanada mustahkamlab oldi. Futbolchi mavsum davomida qaldirg‘ochlarning 25 ta o‘yinida maydonga tushirildi. Amir ushbu o‘yinlarning 16 tasini asosiy tarkibda boshladi. Hujumchi mavsum davomida 3 ta gol kiritdi va bitta golli uzatma amalga oshirdi.
Futbolchining Nasaf va Qo‘qon-1912 jamoalari darvozasiga kiritgan gollari jamoasiga durang natijani keltirdi. 19-turda Buxoro darvozasiga kiritgan goli esa uchrashuv taqdirini hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Sardor Bahromov
O‘tgan yilgi mavsum o‘rtasida Nasaf jamoasi jiddiy yo‘qotishga uchradi. Jamoaning yetakchi futbolchisi Akmal Mozgovoy klubni tark etdi. Shundan so‘ng, Ro‘ziqul Berdiyev ushbu tayanch yarimhimoya chizig‘ida 20 yoshli Sardor Bahromovni o‘ynatishni boshladi.
Ta’kidlash kerakki, Sardor uchun dastlabki mavsum juda omadli bo‘ldi. Futbolchi jamoada muqim o‘rin egallash bilan bir qatorda Osiyo Elit chempionlar ligasida Al Hilol va Al Vahda klublari darvozasiga ajoyib gollarni ham kiritdi.
Bahromovning yuqori saviyadagi o‘yini O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning e’tiboriga ham tushdi va italiyalik mutaxassis futbolchini milliy jamoaning 2 ta yig‘iniga jalb etdi.

Firdavs Abdurahmonov
Dinamo jamoasi uchun 2025-yilgi mavsum kutilganidan ham yaxshiroq o‘tdi. Bunda jamoadagi tajribali futbolchilar bilan bir qatorda yosh iqtidorlarning ham hissasi katta bo‘ldi. Mana shunday yosh futbolchilardan biri Firdavs Abdurahmonov edi.
2005-yilda tug‘ilgan Firdavs o‘tgan mavsum jamoasining 23 ta o‘yinida ishtirok etdi. Ushbu o‘yinlarda futbolchi 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi. Uning Andijon va Xorazm klublari darvozasiga kiritgan gollari o‘yin taqdirini hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yakunda Firdavs Abdurahmonov ham O‘zbekiston milliy terma jamoasining yanvar-fevral oylarida tashkil etilgan yig‘iniga jalb etildi.

Laziz Mirzayev
2023-yil o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘zini butun dunyoga namoyish eta olgan Lazizbek Mirzayev 2026-yilgi mavsumni Superliga klubida o‘tkazadi.
Lazizbek o‘tgan mavsum Ispaniyaning Leganes yoshlar jamoasida to‘p surgan va yil boshida G‘azalkent klubi tomonidan transfer qilingan edi. Shundan so‘ng, Toshkent viloyati jamoasi uni Lokomotiv klubiga ijaraga berdi va Mirzayev yana o‘zining jonajon jamoasiga qaytdi.

O‘zbekiston Superligasi yosh iqtidorlarga boy. Yuqorida nomlari qayd etilgan futbolchilarning porlashini taxmin qilish osondir. Biroq ligamizda shunday talant egalari borki, ular hali o‘z mahoratlarini bizga to‘laligicha ko‘rsatishga ulgurishmagan va mana shunday yosh iqtidorlarni kashf etish bizning eng asosiy maqsadlarimizdan biridir.