Superliga 18, 19-tur. Liga komissari bildirgisidan ko‘chirma
22.08.2025Superliga

10-18-avgust kunlari Superliganing 18-19 turlari o‘tazildi.
18-tur. Neftchi – Nasaf
Neftchi jamoasi matbuot kotibi ogohlantirishlarga qaramay Liga tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan begona shaxslarga fotomuxbirlar uchun mo‘ljallangan nimchalarni bergan. Bundan tashqari, uchrashuv davomida maydon atrofida begona shaxslar harakatlangani ma’lum bo‘ldi. Bu orqali mezbon klub Superliga va Proliga reglamentining 18.5 bandini buzdi.
Bundan tashqari, Istiqlol stadioni suhandoni o‘yin davomida o‘zi uchun belgilab berilgan matndan tashqariga chiqib, muxlislar tomon turli provokasion e’lonlar berdi. Suhandon ushbu harakatlari orqali Superliga va Proliga reglamentining 15.15 bandini bir necha marta buzdi.
Neftchi klubining ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
18-tur. Dinamo – Paxtakor
Dinamo stadioni texnik hududi yoniga o‘yinga umuman aloqasi yo‘q, tegishli akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan bir necha shaxslar o‘tirib oldi. Ularga berilgan ogohlantirishlar samara bermadi. Ushbu shaxslar o‘zini xavfsizlik uchun ma’sul xodim deb tanishtirgan bo‘lsa ham uchrashuv davomida biror bir funksiya bajarmadi. Bu orqali Superliga va Proliga reglamentining 15.5 bandida ko‘rsatilgan talablar bajarilmadi.
Dinamo klubining ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
19-tur. Xorazm – Qizilqum
Xorazm klubi futbolchilari uchrashuvdan so‘ng maxsus tashkil qilingan mikst-zona orqali emas, boshqa yo‘l bilan stadionni tark etmoqchi bo‘lgan. Klub vakillari yordamida futbolchilar ortga qaytarilib, ularning mikst-zonadan o‘tishlari ta’minlandi. Xorazm klubi futbolchisi Vladimir Bubanya vaziyat bo‘yicha uchrashuv komissariga e’tiroz bildirdi. Bu talab reglament orqali belgilab qo‘yilgani tushuntirilsa ham futbolchi hech qaysi musobaqada mikst-zonadan o‘tish majburiy emasligini aytib, Liga rasmiylariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
Vladimir Bubanya Superliga va Proliga reglamentining 18.7 bandi ijrosini ta’minlayotgan Liga rasmiylarining ishiga aralashish orqali ushbu reglamentning 15.2 va 15.3 bandlariga amal qilmadi.
Vladimir Bubanyaning ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.