Superliga 13-tur. Liga komissari bildirgisidan ko‘chirma
26.06.2025Superliga

19-23-iyun kunlari Superligada 13-tur uchrashuvlari o‘tkazildi.
Neftchi 1:0 Buxoro
Buxoro bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev qizil kartochka olganidan so‘ng uchrashuv komissari mehmon jamoaga matbuot anjumanida qaydnomada ko‘rsatilgan murabbiy qatnashishi kerakligini ma’lum qilgan. Biroq, o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Buxoro nomidan qaydnomada bo‘lmagan murabbiy – Mixail Yeramchuk ishtirok etgan.
Bundan tashqari, Mixail Yeramchuk matbuot anjumani davomida hakamning faoliyatiga qator e’tirozlar bildirgan. Biroq, Buxoro jamoasi uchrashuvdan so‘ng hakamning faoliyati bo‘yicha hech qanday rasmiy e’tiroz kiritmagan va bu orqali "Superliga va Proliga reglamenti"ning 23.11 bandini buzgan.
Buxoro klubining ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
Dinamo 0:3 Bunyodkor
Dinamo klubi uchrashuv komissarining bir necha bor ogohlantirishiga qaramay VAR mashinasi turgan joy, futbolchi va uchrashuv rasmiylari kirib-chiquvchi hududlarda xavfsizlikni ta’minlay olmagan, bu orqali "Superliga va Proliga reglamenti"ning 15.5 va 15.9 bandlari buzilgan.
Dinamo klubining ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
Navbahor 3:0 OKMK
Navbahor jamoasi uchrashuvda faoliyat olib borayotgan fotosuratchi va to‘p olib kelib beruvchi bolalarni yetarlicha o‘rindiq bilan ta’minlay olmagan.
Shuningdek, uchrashuvni yakunlovchi hushtak chalinganidan so‘ng maydonga tegishli ruxsatnomasi yo‘q shaxslar tushib kelgan. Bu shaxslar jamoalarning kiyinish xonasi yonigacha yetib borib, tegishli xodimlarning talablariga bo‘ysunmay, ularga qarshilik ko‘rsatgan.
Stadiondagi to‘p olib beruvchi bolalar tomonidan o‘yin davomida mehmon jamoaga to‘p uzatmaslik va uni yashirib qo‘yish holatlari kuzatilgan. Navbahor klubi ma’murlariga bu bo‘yicha ogohlantirish berilganidan so‘ng ham holat davom etgan.
Yuqoridagi holatlar oqibatida "Superliga va Proliga reglamenti"ning 15.5, 15.9, 15.11 va 15.14 bandlari buzilgan.
Bundan tashqari, Navbahor futbolchilari ogohlantirishlarga qaramay, mikst-zona orqali harakatlanmasdan, stadionni boshqa yo‘l bilan tark etgan. Bu orqali "Superliga va Proliga reglamenti"ning 18.7 bandiga amal qilinmagan.
Navbahor klubining ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.