
27-fevral kuni O‘zbekiston Superligasining yangi mavsumi start oldi. Bugun birinchi turning markaziy o‘yini bizni kutmoqda.
O‘tgan mavsum Superligani to‘rtinchi o‘rinda yakunlagan Samarqandning Dinamo jamoasi bugun o‘z muxlislari qarshisida Namanganning Navbahor jamoasini qabul qiladi.
Ta'kidlash kerakki, Navbahor jamoasi o‘tgan yilgi mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmagan bo‘lsa-da, bu yil o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ymoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasiga mundial yo‘llanmasini taqdim etgan murabbiy — Timur Kapadze jamoa bosh murabbiyligiga taklif etilgani buning yorqin misolidir.

Shu vaqtga qadar Timur Kapadze va Dinamo ustozi Vadim Abramov bosh murabbiy sifatida 3 marta to‘qnash kelishgan. Har ikki mutaxassis murabbiy sifatidagi o‘zaro bahslarda bittadan g‘alabani tantana qilishgan. Yana bir o‘yin esa durang natija bilan yakunlangan.
Navbahor va Dinamo jamoalari esa shu vaqtga qadar O‘zbekiston Superligasi va O‘zbekiston kubogi musobaqalarida 60 marta to‘qnash kelganlar. Ushbu o‘yinlarning 33 tasida lochinlarning qo‘li baland kelgan. 14 ta o‘yin esa Samarqand klubining g‘alabasi bilan yakunlangan. Qolgan 13 ta o‘yinda kuchlar teng kelgan.
Yana bir qiziq fakt: Dinamo 6 o‘yindan beri o‘z maydonida Navbahorni mag‘lub eta olgani yo‘q. Jamoa so‘ngi bor 2015-yilgi mavsum o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Navbahordan ustun kelgandi.


Mazkur jamoalarning o‘tgan yilgi har ikki o‘yinida kuchlar teng kelgandi. Xo‘sh, bu gal nima bo‘ladi? Bu savolga bugun soat 19:15 da start oladigan o‘yinni tomosha qilish orqali javob topishingiz mumkin.