Superkubok chiptalari 23-may kuni sotuvga chiqariladi

22.05.2025O`zbekiston Superkubogi

Superkubok chiptalari 23-may kuni sotuvga chiqariladi

27-may kuni Bunyodkor stadioni mezbonlik qiladigan Superkubok uchun chiptalar 23-may kuni sotuvga chiqariladi. Nasaf va Andijon klubi muxlislari o‘z yelkadoshlari joy olishi ko‘zda tutilgan sektorlarni aniq ajratib olishlari so‘raladi. 


Muxlislar Bunyodkor stadionining Mirzo Ulug‘bek metrosi yaqinidagi kassalardan chipta xarid qilishlari mumkin. Shuningdek, chiptalar iTicket bosh ofisi hamda Humo arena kassalari orqali ham sotiladi.


Qarshi va Andijonda ham chipta sotiladi


Toshkentdagi Superkubok o‘yiniga Qarshi hamda Andijondan tashrif buyurish istagida bo‘lgan muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida Qarshidagi Markaziy hamda Andijondagi Bobur arena kassalarida ham ayrim sektorlar chiptalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda 3A va 3B sektorlar chiptalari Qarshida, 3E va 3F sektorlar chiptalari Andijonda sotuvga chiqariladi.  


23-may kuni har ikki klub Superliga 11-turi doirasida maydonga tushishi inobatga olinib, mazkur arenalardagi chiptalar 24-25 may — shanba va yakshanba kunlari sotilishi rejalashtirilgan. 


Onlayn chipta mavjud, ammo uni haqiqiysiga almashtirish talab etiladi


Superkubok uchrashuvi uchun onlayn chipta sotib olish istagida bo‘lganlar uchun sharoit mavjud. Biroq onlayn sotuvga qo‘yilgan chiptalar nomaqbul maqsadlarda foydalanilishining oldini olish uchun bu kabi chipta sohiblaridan finalga qadar onlayn chiptani haqiqiysiga almashtirib olish so‘raladi. iTicket bilan hamkorlikda buning uchun ikki yo‘l taklif etiladi:


a) onlayn chipta xarid qilganlar o‘z ish rejalaridan kelib chiqib, final bellashuviga qadar Toshkentdagi 3 nuqta kassalaridan onlayn chiptani haqiqiysiga almashtirishlari, yoki


b) iTicket mutaxassislari bilan bog‘lanib, onlayn chipta uchun haqiqiy chiptani Toshkent shahri bo‘ylab yetkazib berish xizmatidan foydalanishlari mumkin: 

71 207 10 71

71 207 20 72 


Sir emaski, aksar holatlarda onlayn chiptalarni soxta yo‘l bilan ko‘paytirish orqali noqonuniy ravishda sotish holatlari uchrab turadi. Buning oqibatida stadionga birinchi yetib kelgan muxlis turniketdan o‘tib oladi, soxta chiptaning qolgan nusxalari egalari bilan esa muammolar yuzaga keladi: ular stadionga kira olmaydi. 


Shundan kelib chiqib, stadionga kirish huquqi faqatgina haqiqiy chipta evaziga amalga oshiriladi. Ortiqcha vaqt yo‘qotmaslik yoki o‘yin arafasida navbatda qolib ketmaslikning oldini olish maqsadida onlayn chipta xarid qilgan muxlislardan haqiqiy chiptani o‘yin start oladigan vaqtga qadar kassalardan almashtirib olish so‘raladi. Buning uchun har ikki kassa oldida onlayn chipta xarid qilganlar uchun alohida darcha faoliyat ko‘rsatadi.  


Chipta narxi va kassaning ishlash vaqti 


Ma’lumot uchun, chiptalar uch toifaga ajratiladi. Superkubokni CIP sektorda tomosha qilish chiptasi 200 000 so‘mni tashkil qiladi. 1A, 1B, 1E, 1F sektorlar chiptalari 100 000 so‘mdan, qolgan barcha sektorlar uchun chiptalar 50 000 so‘mdan sotiladi.


Toshkentdagi kassalar 10:00 dan 20:00 ga qadar faoliyat ko‘rsatadi. Qarshi va Andijondagi kassalarda vaqt chipta sotilishiga qarab muvofiqlashtiriladi. Shuningdek, Qarshi va Andijonda chiptalar sotuvining borishiga qarab, 24-may kuni mazkur kassalarga qo‘shimcha chiptalar yetkazib berilishi mumkin.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar