Stadion muxlislar uchun tayyormi? Jaloliddin Qobiljonov Liga bilan hamkorlikda shu savolga javob izlaydi

14.03.2025Superliga

Stadion muxlislar uchun tayyormi? Jaloliddin Qobiljonov Liga bilan hamkorlikda shu savolga javob izlaydi

Superliga klubi mavsumga qanday tayyorgarlik olib borishi OAV tomonidan yoritib boriladi. Biroq rasmiy uchrashuvga klubning qanday tayyorgarlik ko‘rishi masalasi parda ortida qoladi. Vaholanki, ayrim stadionlar ishqibozlar uchun sharoitlar hozirlamasligi ko‘p bora tilga olinadi. 


Liga rasmiy uchrashuvni o‘tkazish masalasida qator ishlarni amalga oshiradi. Xo‘sh, klublar o‘z o‘yiniga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda? Mana shu kabi savollarga javob topishni maqsad qilgan bloger Jaloliddin Qobiljonov Liga bilan hamkorlikda markaziy o‘yinlar atrofidagi voqealarni yoritishga qaror qildi. Loyihada quyidagilar bo‘lishi rejalashtirilgan: 


• fan klub qanday ishlayapti va klub rahbariyati uni qay darajada qo‘llab-quvvatlayapti;

• muxlis stadionga kirib-chiqishda qanday muammolarga duch kelmoqda;

• tanaffus vaqtida ovqatlanish uchun sharoitlar, rastalar sifati, narx-navo; 

• stadion hojatxonasi qay holatda;

• muxlis stadionda o‘zini qanday tutmoqda; 

• tribunalarda ozodalikka e’tibor qaratilganmi; 

• shaharda futbol atmosferasi qanday, klub odamlarni rasmiy uchrashuvdan boxabar qilish uchun qanday tadorik ko‘rgan.


Shuningdek, jurnalist media tribuna va texnik zonada OAV uchun qanday sharoitlar mavjudligi, internet tezligi va hokazolarni o‘rganishni niyat qilgan. Tabiiyki, Liga bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. Umid qilamizki, bu kabi loyihalar futbol klublarini ham harakatga keltiradi. 


Liga muxlis fikriga quloq tutish orqali qator muammolarni ochiqlashni niyat qilgan loyiha mualliflariga omad tilaydi.


Izoh: Ko‘rsatuvdagi dastlabki manzil Andijon bo‘ladi. Superliga 2-turi doirasida Bobur arenada kechadigan bahs haqida ko‘rsatuvning ilk soni tasvirga olinadi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar