So‘g‘diyona va Navbahor stadionlari shartli ravishda qabul qilinadi
30.12.2024Superliga
11-dekabr kuni OAV bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida Liga stadionlar masalasiga alohida urg‘u bergan bo‘lib, Jizzaxdagii So‘g‘diyona va Namangandagi Markaziy stadionida ayrim muammolar borligiga to‘xtalgandi.
Namangandagi stadion maydoni 2018-yil Liga talab qilgan ko‘rinishga keltirilgan, Jizzaxdagi maydon esa 2023-yilgi mavsumda bunga erishdi. Biroq hozirga kelib maydon parvarishi masalasida Ligada xavotirlar mavjud. Superliganing so‘nggi mavsumi oxiriga kelib har ikki stadion futbol maydonlarida toliqishlar mavjud ekanligini barcha ko‘rdi.
Mazkur oyda Liga rahbariyati Namangan viloyati hokimi bilan uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, unda Markaziy stadion holatini yaxshilash masalasida so‘z borgan. Shuningdek, So‘g‘diyona klubi rahbariyati bilan ham yaqinda uchrashuv tashkil etildi. Har ikki maydon parvarishiga jiddiy e’tibor qaratish, bu masalaga yetarlicha mablag‘ ajratish masalalari muhokama qilindi. Har ikki tomon muammoga to‘g‘ri yondoshsa, Markaziy va So‘g‘diyona yana avvalgi holatiga qaytishiga shubha yo‘q. Ishonamizki, Navbahor va So‘g‘diyona bunga yechim topa oladi.
Shundan kelib chiqib, Liga har ikki stadionni shartli ravishda ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. Tashkilot hamkorlik qilayotgan mutaxassislar mahalliy agronomlar bilan ko‘ngilli sifatida hamkorlik qilish va maydonlar parvarishi masalasida barcha maslahatlarni berib borishga tayyor.