So‘g‘diyona klubining so‘nggi ikki uy uchrashuvi Zominda o‘tkaziladi

27.10.2025Superliga

So‘g‘diyona klubining so‘nggi ikki uy uchrashuvi Zominda o‘tkaziladi

Jizzax shahrida joylashgan So‘g‘diyona stadionida ta’mirlash ishlari boshlandi. So‘g‘diyona klubi rahbariyati tashrif buyuruvchi muxlislarga yaqin kelajakda qulaylik hozirlash maqsadida So‘g‘diyona stadionida uch yo‘nalishda ish olib borishni rejalashtirgan:


• tribunalar sonini ko‘paytirish;

• tribunalar ustini quyosh va yog‘ingarchilikdan himoya qiluvchi tom bilan yopish;

• tribunalar ustini yopib turuvchi tom bo‘ylab stadion yoritgichlarini o‘rnatish. 


Liga muxlislar komforti uchun amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, tribunalar ustini yopish tendensiyasi start olayotganligini mamnuniyat bilan qabul qiladi. 


Qayd etish kerak, avvalroq So‘g‘diyona stadionining drenaj, sug‘orish va yoritish tizimi, shuningdek, maydon maysasi yangilangandi. Ayni vaqtda chim parvarishi yuzasidan ayrim kamchiliklar mavjudligi Ligaga ma’lum. Kelajakda mazkur masala “Stadionlar reglamenti” bilan qayta tartibga solinishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, avvalroq So‘g‘diyona klub uchun alohida baza bunyod qilingan bo‘lib, 2025-yildan e’tiboran klub o‘z akademiyasini shakllantirishni boshladi. Ya’ni, So‘g‘diyona Liga talablari asosida bosqichma-bosqich tom ma’noda professional klubga aylanib bormoqda. 


Yuqoridagilardan kelib chiqib, Liga So‘g‘diyona klubining so‘nggi ikki uy uchrashuvi Zominda bo‘lib o‘tishiga ruxsat berdi. Bellashuvlar shanba va yakshanba kunlariga to‘g‘ri kelayotgani bu borada muhim rol o‘ynadi. Noyabr oyida bu kunlarda uchrashuvlarni ertaroq boshlash imkoniyati mavjud. 


Biroq Zomin stadioni 2026-yilgi mavsumga ro‘yxatdan o‘tkazilishi uchun yana bir qator talablar amalga oshirilishi lozim. Zero So‘g‘diyona stadionidagi ta’mirlash ishlari ishchi reja bo‘yicha 2026-yilning ikkinchi davrasiga qadar davom etishi katta ehtimol. Zomindagi stadionni 2026-yilgi mavsumga qabul qilish masalasida Liga keyinroq qo‘shimcha ma’lumot beradi.  


Ma’lumot uchun, So‘g‘diyona 2-noyabr kuni Superliga doirasida Qizilqum klubini, 22-noyabrda esa Bunyodkor klubini qabul qiladi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar