Sentyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

06.09.2025O‘zbekiston kubogiSuperliga

Sentyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

O‘zbekiston Superligasi o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. O‘zbekiston kubogi musobaqasida esa finalchilar aniqlanish arafasida.


Paxtakor - Neftchi


13-sentyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 21-turi doirasida "o‘zbek klassiko"siga guvoh bo‘lamiz. Ya’ni, Paxtakor klubi o‘z maydonida Neftchi jamoasini qabul qiladi. 


Bu o‘yinning tarixi bir mavzu bo‘lsa, ayni vaqtda turnir jadvalidagi ahamiyat alohida mavzu. 20-turdan keyin chempionlik uchun kurashayotgan Neftchi jamoasi ayni vaqtda musobaqa jadvalida birinchi o‘rinni egallab turgan Nasaf klubi bilan ochkolar farqini bittagacha qisqartirib oldi. Jamoa chempionlik poygasida buyog‘iga ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. 


O‘z navbatida, Paxtakor klubi ham chempionlik uchun kurashdan chiqqani yo‘q. 21-turda qo‘lga kiritiladigan g‘alaba "sherlar"ni kuchli uchlikka qaytarishi mumkin. Demak, bizni jiddiy o‘yin kutib turganini taxmin qilish qiyin emas. 


Sentyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

OKMK - Bunyodkor 


19-sentyabr kuni Superligamizning 22-turi doirasida OKMK klubi o‘z maydonida Bunyodkor jamoasi bilan bellashadi. Ushbu jamoalarni hozirda turnir jadvalida 2 ochko ajratib turibdi. Ayni vaqtda har ikki jamoa juda yaxshi sport formada. 


Mavsum boshida OKMK klubining Superligadagi mag‘lubiyasiz seriyasiga aynan Bunyodkor jamoasi yakun yasagan edi. Demak, bu gal Qosimov jamoasi ham revansh uchun bor imkoniyatini ishga solishi aniq. 


Bu bellashuv shubhasiz Superliga muxlislari uchun qiziqarli va dramatik voqealarga boy bo‘lishi kutilmoqda.

Sentyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

Neftchi - Dinamo


20-sentyabr kuni Superliganing 22-turi doirasida, Farg‘onada Neftchi jamoasi Samarqandning Dinamo klubini qabul qiladi. Ayni vaqtda har ikki jamoa chempionlik uchun asosiy da’vogarlar qatorida turishibdi. 


Neftchi jamoasi Dinamoni 4 ta o‘yindan beri mag‘lub etib kelmoqda. Jumladan, 2-iyul kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi bahsda ham farg‘onaliklar Samarqanddan g‘alaba bilan qaytdi. 


Demak, bizni qiziq o‘yin kutayotgani aniq. Neftchi jamoasining g‘alabali seriyasi davom etadimi yoki Vadim Abramov murabbiy sifatida birinchi marta Levchenkoni mag‘lub etadimi? Buni 20-sentyabr sanasida "Istiqlol" stadionida o‘tadigan o‘yin orqali bilib olamiz. 

Sentyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

Paxtakor - Dinamo


25-sentyabr kuni O‘zbekiston kubogi musobaqasining yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Dastlabki bahsda Toshkentning Paxtakor klubi mavsumni bir maromda o‘tkazayotgan Samarqandning Dinamo jamoasi bilan kuch sinashadi. 


Paxtakor klubi 3 yildan beri O‘zbekiston kubogi musobaqasining finaliga yo‘l ola bilgani yo‘q. Samarqandning Dinamo jamoasi esa O‘zbekiston kubogidagi yagona finalini 25 yil oldin o‘tkazgan. 


Ushbu turnir xalqaro musobaqaga yo‘llanma berishi bilan ham ahamiyatli. Shundan kelib chiqqan holda, ushbu o‘yinning darajasi ancha yuqori ekanligini tushunish mumkin. 

Sentyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

Buxoro - So‘g‘diyona


25-sentyabr kuni O‘zbekiston kubogi musobaqasining ikkinchi yarim final o‘yini ham bo‘lib o‘tadi. Mazkur bahsda Viktor Karpenko boshchiligidagi Buxoro klubi o‘z maydonida Ivan Boshkovich qo‘l ostidagi So‘g‘diyona klubini qabul qiladi. Har ikki klub hozirgacha O‘zbekiston kubogi musobaqasining finalida o‘ynamagan. 


Ushbu o‘yinidagi g‘alaba jamoalarga kerakligi e’tibori bilan dastlabki yarim final o‘yinidan ham ahamiyatliroq. Sababi, Buxoro va So‘g‘diyona jamoalari ayni paytda O‘zbekiston Superligasida chempionlik uchun kurashda qatnashayotganlari yo‘q. Ushbu jamoalar yilni sovrin bilan yakunlash niyatida bo‘lsalar, eng yaxshi yo‘l O‘zbekiston kubogi bo‘lib turibdi.

Sentyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv
    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar