Ro‘ziqul Berdiyev: Biz har bir raqibga jiddiy yondashamiz

26.05.2025O`zbekiston Superkubogi

Ro‘ziqul Berdiyev: Biz har bir raqibga jiddiy yondashamiz

Superkubok oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida Nasaf jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va hujumchi Husayn Norchayev ishtirok etdi.

O‘ylaymanki, ertangi o‘yin ajoyib muhitdagi stadionda bo‘ladi. Muxlislar o‘z ishini maksimal darajada uddalay olishadi.
Biz kubokni qo‘lga kiritishni juda xohlaymiz. Ertangi o‘yinga shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Yigitlarning kayfiyati a’lo darajada. Biz Superkubok uchun kechadigan bahsga tayyormiz.
To‘g‘ri, ba’zi o‘yinchilarimiz tezkor bo‘lmasligi mumkin. Lekin ularda tajriba ancha yuqori. Masalan, Muhammadiyev hozir bir qancha yosh futbolchilarimizdan ham tez yugura olishi mumkin.
Hozir Superkubok arafasida turibmiz. Jamoamiz Superligada peshqadam bo‘lib turibdi. O‘ylashimcha, har bir klubda kamchiliklar uchrab turadi. Buni muhokama qiladigan joyi yo‘q, menimcha.
Hozir himoyachilarimizning o‘yini bizni qoniqtirmoqda. Sababi, ular ijobiy o‘yin ko‘rsatmaganida biz bunday yuqori natijalar qayd etmayotgan bo‘lardik. 
Shatskixga qarshi o‘yinlardagi statistikamizni yaxshilashga harakat qilamiz. Unga hali yutqazmagan bo‘lishim mumkin, ammo ertangi bahs boshqa klubga qarshi boshqa darajadagi uchrashuv bo‘ladi. 
O‘tgan mavsum bilan bir xil natijalar qayd etilmoqda. O‘shanda ham kubokdan chiqib ketgandik, so‘ng Superkubokda g‘olib bo‘ldik va yakunda Superliga g‘olibligini ham qo‘lga kiritdik.
Nasrullayev avvalo jarohati sabab uchrashuvlarda qatnasha olmayapti. U davolanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Shu bois, Sherzod qaydnomaga ham kiritilmayapti. Ertangi o‘yinga u ham tayyorgarlik ko‘rmoqda. Iloji boricha, Nasrullayevdan ham foydalanishga harakat qilamiz. 

Bizda penalti tepadigan futbolchilar yanada ko‘paydi. Agar penaltilar seriyasigacha borsak, bizda muammo bo‘lmaydi. Kechagi mashg‘ulotda ham bu ustida ishladik.
Superkubok bitta o‘yindan iborat bo‘ladi. Shunday ekan, Andijon ham bor imkoniyatini ishga soladi. Ular bu mavsum Paxtakor, OKMK bilan o‘yinda munosib harakat qilishdi. Biz raqibga jiddiy yondashamiz.
Hozirda to‘liq tarkib bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bizda hech qanday jarohat olgan yoki betob futbolchilar yo‘q.
Cheran - ancha mahoratli futbolchi. Uni klubga taklif qilganimizda qanday darajadagi futbolchi ekanini bilib shu ishga qo‘l urganmiz. U kabi yuqori darajadagi futbolchilar bizning chempionatimizda kamchilikni tashkil qiladi. 
Dragan biz uchun ko‘p yugurishi shartmas. Shunga qaramay, uning ko‘rsatkichlarida bosib o‘tilgan masofasi 10 kilometrdan oshmoqda. Cheran asosan xarakteri, yetakchiligi va xulq-atvori bilan ko‘proq foyda bera olishi sabab jamoaga taklif etilgan.

Husayn Norchayev:


– Avvalombor assalomu alaykum! Biz ertangi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ushbu uchrashuvda bor kuchimizni berib, g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Qolaversa, muxlislarimizni ham xursand qilishga harakat qilamiz. 

Goldan keyin uni nishonlashim kimgadir atalmagan. Buni emosiya paytida vujudga keladigan holat deb o‘ylayman. 

Oxirgi ikki yil men uchun qiyin o‘tgani rost. Biroq qayerdadir xato qildim deb o‘ylamayman. O‘tgan yili jarohatdan tiklanish jarayonida edim. Hozir hammasi joyida, klub bilan yil oxirigacha mo‘ljallangan shartnomam bor. Shu sabab, qayergadir ketish haqida o‘ylamayapman va bor e’tiborim «Nasaf»dagi faoliyatimga qaratilgan.
Ro‘ziqul Berdiyev: Biz har bir raqibga jiddiy yondashamizRo‘ziqul Berdiyev: Biz har bir raqibga jiddiy yondashamiz
    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar