Reglament talablariga bepisandlik masalalari Tartib-intizom qo‘mitasida ko‘riladi
20.03.2024PFL
O‘zbekiston Professional futbol ligasi musobaqalar, mehnat shartnomalari va boshqa qator masalalarni o‘z vaqtida amalga oshirib keladi. Har yil noyabr oyidan boshlab to mart oyi so‘ngiga qadar Liga mutaxassislari dam olishlarsiz mehnat qiladi. Va tabiiyki, futbol klublaridan ham o‘z ishiga professional yondashuvni talab qiladi.
Oyda ikki-uch bor o‘tadigan uy uchrashuvlarini tashkil etish masalasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashish, musobaqalar o‘tkazish reglamenti talablarini qo‘pol ravishda buzish holatlariga Liga 2024-yildan boshlab qat’iy choralar ko‘rishi klublarga rasman ma’lum qilingan. Biz klub smetasi, uning ishchi-xodimlari olayotgan oylik-maosh va boshqa ma’lumotlarga egamiz. Har qanday mutaxassis o‘z ish haqiga munosib bo‘lishi shart. Toki u o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashmagunicha, har qanday klub yoki shaxs jazodan chetda qolmaydi.
Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochkalardan tashqari yana qator masalalar ko‘rib chiqiladi. Quyida ularning ayrimlariga mazkur ishlar qolganlarga o‘rnak bo‘lishi uchun to‘xtalib o‘tamiz. Avvalroq Lokomotiv ustozi Aleksandr Stoymirovich hamda Andijon futbolchisi Farhod Bekmurodov jarimaga tortilishi ma’lum qilingandi.
Buxoro
Proliga ilk turidan o‘rin olgan Sho‘rtan — Buxoro o‘yinida mehmon klub qaydnomani to‘ldirishni yarim soatga kechiktirgan. Vaholanki, Reglamentda mazkur masala aniq yozib qo‘yilgan. Talab tushunarsiz sababga ko‘ra bajarilmaganidan kelib chiqib, Buxoro jarima to‘laydi. Klub bunga sababni ko‘rib chiqishi hamda o‘z ishiga mas’uliyatsizlarcha yondashgan ishchisiga nisbatan chora ko‘rish vakolatiga ega.
Mash’al
Mash’al futbol klubi o‘tgan mavsum stadion perimetri bo‘ylab joylashgan reklama shitlari masalasida bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay, 2024-yilgi mavsumni ham xuddi shunday kamchiliklar bilan boshladi. Buning uchun klub jarima to‘laydi. Uy uchrashuvlari o‘tkazilmayotgan vaqtda klubning tegishli xodimlari nima bilan mashg‘ul bo‘lishi Liga uchun juda qiziq.
Andijon
Andijon futbol klubi Bobur arena mezbonlik qilgan Bunyodkor’ga qarshi o‘yinda elektron reklama shitlari bilan bog‘liq Liga talabini bajarmadi. Klubning Andijon viloyatidagi ayrim tashkilotlar bilan muammosi Ligaga ma’lum. Biroq bu masala Liga muammosiga aylanmasligi shart. Liga qator homiylik shartnomalariga ega bo‘lib, ularni hurmat qilishni futbol klublaridan talab qilib oladi.
Dinamo
Dinamo murabbiylar shtabidan joy olgan Andrey Pyatnitskiy OKMK klubiga qarshi o‘yin vaqtida elektron sigareta chekkani uchun jarimaga tortiladi. Har qanday mutaxassis Reglamentga amal qilishga majbur.
Neftchi
Superliga 3-turidan o‘rin olgan Neftchi — Metallurg uchrashuvi davomida futbol muxlislari mehmonlar zaxira o‘rindig‘i tomon suvli idishlar uloqtirgan. Ulardan biri murabbiylardan biriga borib tekkan. Shuningdek, Neftchi g‘alaba golini urib, uni nishonlayotgan vaqtida qarama-qarshi tarafdan suvli idishlar stadionga uloqtirilgan. Bu kabi holatlar Farg‘onada o‘tgan mavsum ham kuzatilgan. Agar klub o‘z muxlislari bilan ishlamayotgan, agar ayrim insofsiz muxlislar butun bir viloyat sha’nini shu kabi nomaqbul harakatlar bilan eslatayotgan bo‘lsa, Liga Istiqlol stadionidagi uchrashuvlarni muxlislarsiz ham o‘tkaza oladi. Biz Neftchining faol va fidoyi muxlislarini hurmat qilamiz va ularni yon-atrofidagi aqlsiz kishilarni tiyishga chaqiramiz. Zero, aynan shu kabi 3-4 nafar aqlsizni deb, minglab muxlislar stadionga kirish huquqidan mosuvo bo‘lmasliklari kerak. Holat uchun Neftchi jarimaga tortiladi.
Paxtakor
Superliga 2-turidan o‘rin olgan Paxtakor — Nasaf uchrashuvi vaqtida media tribunadan mazkur hududga kirish ruxsatini beruvchi akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan qator shaxslar o‘rin olgan. Bu esa tabiiyki, OAV vakillari faoliyatiga halal beradi. Holat uchun Paxtakor jarima to‘laydi.
5 ta klub jarimalar to‘laydi
Futbolchining funktsional holatini masofadan turib monitoring qilish imkonini beruvchi moslama ikki mavsumdan buyon Superliga qaydnomasidan o‘rin olgan har bir futbolchida bo‘lishi, uchrashuvdan keyin klub tahlil natijalarini O‘FA uchun taqdim etishi kerak. O‘tgan mavsum o‘z ishiga mas’uliyatsiz yondoshgan klublar buning uchun katta jarimaga tortilgandi. Biroq joriy mavsumning dastlabki uch turida ham bu kabi holatlar kuzatildi. Reglamentdagi talab yangi bo‘lmagani, klublarda vaziyatni hal qilish uchun 2 yildan ortiq vaqt bo‘lganini inobatga olib, bu borada hech qanday izoh qabul qilinmaydi va klublar jarima to‘laydi. Bular: Surxon, Andijon, Dinamo, Nasaf va Neftchi.
Shuningdek, yangi qoidaga ko‘ra 3 holat bo‘yicha olingan ogohlantirishlar jarimaga sabab bo‘ladi. O‘tgan uch tur davomida hakam ishiga aralashish holatlari 17 marta, vaqtni cho‘zish holati 7 marta va simulyatsiya 3 marta ogohlantirishga sabab bo‘lgan. Mazkur holatlarning barchasi uchun tegishli shaxslar jarimaga tortiladi.