Rade Petrovich: Eng tomoshabop o‘ynaydigan raqibga mag‘lub bo‘ldik
01.11.2024Superliga
Superligada 23-tur bahslari davom ettirildi. So‘g‘diyona jamoasi bu tur o‘z maydonida Surxonni qabul qildi va 2:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bellashuvdan so‘ng jamoa murabbiyi Rade Petrovich matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Bugungi o‘yindan keyin, nimadir deyish juda qiyin. Raqib bizni bir yarim yilda 4 marotaba mag‘lubiyatga uchratishni uddalagan edi. Biz o‘yin oson bo‘lmasligini bilar edik. Birinchi bo‘limda ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildik. Keyin, Yovovich bilan bo‘lgan holat ta'sir qildi. Ketma-ket 4 marta to‘p o‘tkazib yubordik. Raqibni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman.
Ikki xil taym sababi noto‘g‘ri o‘zgarishlar sababli deb o‘ylaysizmi?
Ba'zida, shunday ham bo‘lib turadi. Ayrim o‘yinlarda zaxira o‘rindig‘i yordamida ochkolar ishlab olgan edik. Bugun o‘xshamadi. Jarohat sababli almashtirdik. Keyin qizil kartochkali vaziyat sababli uni ham almashtirdik. OKMK va Bunyodkor bilan yaxshi o‘yinlar o‘tkazdik. Biz tanaffusda turnir jadvalida 2-o‘rinda edik. Ikkinchi qirq besh daqiqalikda 4 ta gol o‘tkazib yubordik.
Surxon bugun raqib jarima maydonchasida o‘zini yaxshi his qildi. So‘g‘diyonaning tayanch zonasi yomon o‘yin ko‘rsatdimi?
Biz bugun eng tomoshabop futbol o‘ynaydigan jamoa bilan to‘qnash keldik. Bugun yarim himoya chizig‘i ko‘p imkoniyatlarni yaratgani bor gap. Bizda, himoya chizig‘idagi o‘yinimiz qovushmadi. Ko‘p o‘ylagan narsalarimiz o‘xshamadi.
Nasafni chempionlik bilan tabriklayman. Nasaf, Lokomotiv va Dinamoga qarshi uchta o‘yinda ham g‘alaba qozonishni istaymiz.
Suhrob Izzatov bugun maydonda ko‘rinmadi?
U so‘nggi 2-3 o‘yinda yaxshi o‘yin namoyish etdi, ammo bugun negadir o‘xshamadi. Nafaqat u, balki boshqa futbolchilarimiz ham maydonda kutilganidek ko‘rinmadi.
Tarkibni kuchaytirish kerak deb hisoblaysizmi?
Albatta, buni rejalashtirganmiz. Kim jamoada qolishi kim ketishi borasida o‘ylab ko‘ramiz. Umid qilamizki, keyingi mavsumda tarkibni kuchaytiramiz.