Qiziriq jamoasi negizida Termiz davlat universitetining TerDU klubi tashkil etildi

09.08.2025Birinchi liga

Qiziriq jamoasi negizida Termiz davlat universitetining TerDU klubi tashkil etildi

Joriy yilning 2-aprel kuni Surxondaryo viloyati hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulovning Qiziriq futbol klubi negizida Termiz davlat universiteti futbol jamoasini shakllantirish yuzasidan bildirgan taklifi ma’qullangandi. Mazkur yig‘ilishda Qiziriq tumani hududida faoliyat yuritib kelayotgan “Qiziriq professional futbol klubi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining istiqbolli rivojlanishiga erishish masalasi muhokama qilingan. 


Shu yilning 4-mart kuni O‘FA prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘zga chiqqan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qiziriq jamoasidagi holat va uning kelgusi faoliyati masalasiga to‘xtalib o‘tgandi. Ma’lumki, so‘nggi oylarda Qiziriq iqtisodiy tomondan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Yakunda Termiz davlat universitetida futbol ta’limi yo‘nalishining mavjudligini inobatga olib, oliy ta’lim va futbol o‘rtasidagi integratsiyasini ta’minlash maqsadida Qiziriq jamoasining Termiz davlat universiteti negizida Birinchi ligadagi ishtirokini davom ettirish choralarini ko‘rish yuzasidan qaror qabul qilindi.


Endilikda “Qiziriq professional futbol klubi” MCHJdagi Qiziriq tuman hokimligining ulushi belgilangan tartibda Termiz davlat universitetiga o‘tkazilishi rasmiylashtirildi. Shu bilan birga, futbol klubining nomi “TerDU professional futbol klubi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga o‘zgartirildi hamda futbol klubining tegishli ta’sis hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Birinchi liganing II davrasidan e’tiboran klub TerDU nomi bilan yuritiladi. 


Shu tariqa Liga bilan hamkorlik qilayotgan universitetlar soni 4 taga yetdi: FarDU, BuxDU, QarDU (Lochin) hamda TerDU.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar