
O‘tgan yilning 9-dekabr kuni Liga ishchi guruhi Qarshi shahrida bo‘lib, Qarshi davlat universiteti hududida barpo etilayotgan stadionda o‘rganish ishlarini amalga oshirgandi.
7-aprel sanasida esa Qarshi davlat universiteti va Liga o‘rtasida memorandum imzolangan bo‘lib, Lochin klubi unda qayd etilgan yo‘nalishda faoliyat olib bordi va debyut mavsumidayoq futbol jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga qarata oldi. O‘tgan davr mobaynida Lochin Proligada ishtirok etish uchun talabgor klub sifatida hujjatlarni rasmiylashtirdi.
Eng so‘nggi bosqichda universitet rektori Dilmurod Nabiyev Lochin klubining 2026-yildan e’tiboran Proligada ishtirok etishini kafolatlovchi rasmiy xatni Ligaga kiritdi. Universitet jamoasi Liga tomonidan qo‘yilgan talablarni bosqichma-bosqich bajarib kelganligi inobatga olinib, Lochin Proliga ishtirokchilari safiga qabul qilindi.
Shu tariqa, Proligada universitetlar qoshidagi klublar soni ikkitaga yetdi. Ma’lumki, o‘tgan mavsum Farg‘ona davlat universiteti musobaqada munosib ishtirok etgandi. Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov joriy mavsumda ham FARDU Proligada to‘p surishini tasdiqladi.
