Proligada to‘rtinchi davlat universiteti to‘p tepadi — TerDU

10.02.2026Proliga

Proligada to‘rtinchi davlat universiteti to‘p tepadi — TerDU

Termiz davlat universiteti qoshida tashkil etilgan TerDU klubi ishtirokini Proligada davom ettiradi. Universitet rektori Abduqodir Toshqulov tashabbusi bilan klub endi nisbatan kattaroq Ligada ishtirok etadi. 


O‘tgan yilning iyul oyida Birinchi liga ishtirokchisi bo‘lgan Qiziriq futbol klubi Termiz davlat universiteti tasarrufiga o‘tkazilgan bo‘lib, klubi nomi TerDU’ga o‘zgartirilgandi. Shundan so‘ng klub faoliyatida jonlanish kuzatildi va TerDU mavsumni o‘z mintaqasida beshlikda yakunlab, Toshkent mezbonlik qilgan pley-off bosqichida ishtirok etdi. Oliy ta’lim muassasi rektori o‘z xatida TerDU Proliga uchun talablarni bajarishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. 


Termiz shahrida professional futbol uchrashuvlari talablariga javob beradigan arenalar soni cheklangan. Shundan kelib chiqib, TerDU Surxon futbol klubi bilan shartnoma imzoladi va 2026-yilgi mavsum davomida uning zaxira maydonidan rasmiy uchrashuvlar davomida foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Mazkur maydon zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan bo‘lib, u Proliga uchrashuvlarini qabul qilish imkoniyatiga ega. Shuningdek, hududda klublar sonining ortib borishi ehtimoliy yangi maydonlar bunyod etilishiga olib kelishi mumkin.  


Liga bilan kelishuv asosida TerDU U19 jamoasi tarkibi universitetning kichik kurs talabalaridan tashkil topadi. O‘z navbatida asosiy tarkib futbolchilari bilan Liga talab qilgan ko‘rinishda professional mehnat shartnomalari imzolanadi. Shu tariqa Surxondaryo viloyatida futbol bilan shug‘ullanayotgan yosh futbolchilar kelajakda qo‘nim topishi mumkin bo‘lgan yana bir klub bosqichma-bosqich rivojlanib boradi. 


Qayd etish kerak, Proliga ishtirokchilarining turli hududlardan ekanligi mamlakat futboli rivoji yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugunga kelib, Superliga klubida o‘z o‘rnini topa olmagan iqtidorlarda o‘zini namoyon qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan o‘rta sinf jamoalari soni ortib bormoqda. Tanlov imkoniyatining oshib borishi esa o‘z navbatida raqobat muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 


Liga universitetlar qoshida tashkil etilayotgan futbol klublarining yangi bosqichga chiqib borayotganini olqishlaydi. Ishonamizki, qisqa vaqt ichida oliygohlar nafaqat ta’lim, balki professional sport yo‘nalishidagi imkoniyatlari bilan ham yosh avlodni o‘ziga jalb qila oladi.

Proligada to‘rtinchi davlat universiteti to‘p tepadi — TerDU
    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar