Proliga turnir jadvalidagi holat bo‘yicha

06.11.2025Proliga

Proliga turnir jadvalidagi holat bo‘yicha

Kecha — 5-noyabr kuni Proliga 19-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda Olimpik Mobiuz hamda Lokomotiv klublari o‘zaro durang natija qayd etdi. Shundan kelib chiqib, Superligaga yo‘llanma beruvchi 1-o‘rin sohibi hamda pley-off yo‘llanmasiga ega chiquvchi 2-o‘rin egasi nomiga 9-noyabr kuni o‘tkaziladigan so‘nggi tur bellashuvlari aniqlik kiritib beradigan bo‘ldi. 


9-noyabr kuni Aral Nukusda Lokomotiv klubini qabul qiladi. Qoraqalpog‘istonning boshqa bir klubi Jayxun esa Toshkentda Mobiuz mehmoni bo‘ladi. Har ikki uchrashuv bir vaqtda — 14:00 da start oladi. 



Proliga turnir jadvalidagi holat bo‘yicha

Aral 


Aral Superligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritishi uchun Lokomotiv ustidan kamida 2 ta to‘p farqi bilan g‘olib chiqishi talab etiladi. Mazkur jamoalarning joriy mavsum doirasidagi o‘zaro o‘yinlariga nazar tashlaymiz: 


5-tur 

Lokomotiv 2:0 Aral 


10-tur

Aral 2:0 Lokomotiv 


15-tur

Lokomotiv 1:0 Aral 




Proliga turnir jadvalidagi holat bo‘yicha

O‘zaro o‘yinlarda ustunlik Lokomotiv tomonida ekanligi ma’lum. So‘nggi turda Aral raqibini 1 ta gol farqi bilan taslim etsa, u holda o‘zaro o‘yinlarda tenglik yuzaga keladi. Bunday holatda reglament bo‘yicha har ikki klubning musobaqa doirasidagi umumiy to‘plar farqiga e’tibor qaratiladi. Ayni holatda Aral +15 va Lokomotiv +23 gollar farqini yuzaga keltirgan. Shundan kelib chiqib, Aral Superligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritishi uchun raqibini faqatgina ikki yoki undan ko‘proq gol farqi bilan mag‘lub etishi lozim. 


Olimpik Mobiuz 


Toshkent klubi Superligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Olimpik Mobiuz faqatgina pley-off yo‘llanmasidan umid qilishi mumkin. Buning uchun Lokomotiv Nukusda mag‘lub bo‘lmasligi lozim. Quyida ehtimoliy variantlarni ko‘rib chiqamiz:  


• “temiryo‘lchilar” Nukusda g‘olib chiqsa, u holda istalgan hisobdagi g‘alaba Mobiuz klubiga 2-o‘rinni kafolatlaydi;  

• Aral — Lokomotiv uchrashuvida durang natija qayd etilsa, Olimpik Mobiuz 2-o‘rin uchun yo 4 ta gol farqi bilan zafar quchishi yoki 3 ta gol farqi bilan zafar quchgan holatida umumiy to‘plar farqi bo‘yicha Aral klubidan o‘zib ketishi lozim; 

• Aral Lokomotiv ustidan zafar quchsa, har qanday holatda ham Olimpik Mobiuz Superliga yo‘llanmasiga ega chiqa olmaydi. 


Lokomotiv 


Yuqoridagi holatlardan kelib chiqilsa, Lokomotiv klubida nisbatan imkoniyat yuqori ekanligi oydinlashadi: 


• 1 ta gol farqi bilan mag‘lubiyat Lokomotiv klubini Superligaga olib chiqadi; 

• 2 ta gol farqi bilan mag‘lubiyat tufayli Lokomotiv pley-off uchrashuvlarida ishtirok etadi; 

• ehtimoliy durang yoki g‘alaba tabiiyki, Lokomotiv uchun Superliga eshiklarini ochadi. 


Masalaning qiziq tomoni shundaki, o‘tgan yillar bilan solishtirganda Aral klubiga birinchi bor o‘z hamshahri yordam qo‘lini cho‘zishi ham mumkin. Boisi, Jayxun 2025-yilga kelib ilk bor Proligada ishtirok etmoqda. Endilikda Jayxun Aral klubidan bosimni olib tashlash imkoniyatiga ega: 


• nukusliklar Toshkentda Mobiuz klubidan ochko olsa, Mobiuz Superliga yo‘llanmasidan mahrum bo‘ladi; 

• Aral raqibi bilan ehtimoliy durang natija qayd etsa, Jayxun yordam sifatida Mobiuz’dan yirik hisobda mag‘lub bo‘lmasligi Aral uchun imkoniyatni saqlab qoladi. 


Joriy mavsum Proligada faqatgina 6 klub ishtirok etdi. Superliga ishtirokchilari soni 2025-yilda 16 ta yetkazilgani tufayli, shuningdek, Metallurg, Turon kabi klublarning musobaqalar bilan xayrlashishi oqibatida endilikda Liga 2026-yilga kelibgina holatni o‘nglash ustida ish olib bormoqda. Ammo 6 klub ishtirok etgan musobaqada ham intriga so‘nggi turga qadar saqlanib turdi. Biz 20-turda maydonga tushadigan barcha jamoaga omad tilaymiz.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar