
2026-yildan e’tiboran Proliga musobaqasini bosqichma-bosqich rivojlantirib borish ko‘zda tutilgan. Bu yo‘lda Liga dastlabki qadamlarni tashlaganligini qayd etish joiz.
Proliga musobaqasini televideniye orqali translyatsiya qilish masalasi muayyan telekanal bilan kelishilmagan. Sport ijodiy birlashmasi Superliga va O‘zbekiston kubogining ayrim uchrashuvlarini namoyish etish huquqini qo‘lga kiritgan. Shundan kelib chiqib, Liga o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Proliganing ayrim uchrashuvlarni o‘z sahifalari orqali professional tarzda jonli ko‘rsatishga harakat qiladi. Bunda ayrim noqulayliklar yoki uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.
Dastlabki turdan joy olgan yetti o‘yindan uchtasini professional translyatsiya qilish rejalashtirilgan. Jumladan, Qo‘qon-1912 stadionida bo‘lib o‘tadigan Yaypan — Metallurg, Gʻuzordagi Sho‘rtan — Olimpik Mobiuz hamda Bunyodkor stadioni mezbonlik qiladigan Gʻazalkent — BuxDU bellashuvlari namoyish etiladi.
Ma’lumki, Liga musobaqalarni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni muvofiqlashtiradi. Ammo translyatsiyalar bilan bog‘liq masala qo‘shimcha resurslar talab etadi. Shuni inobatga olgan holda Proliga uchrashuvlaridan aynan qaysilari namoyish etib borilishi masalasi turma-tur rejalashtiriladi.
