Paxtakor 5 nafar tarbiyalanuvchisi uchun 432 million so‘m oladi
03.09.2025Superliga

Joriy yilning 12-avgustida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda Paxtakor klubining sobiq futbolchilari — Otabek Boymurodov (Buxoro), Shahzodbek Rahmatullayev (Qizilqum), Abubakir Ashurov (Andijon), Diyorbek To‘laboyev (Neftchi) va Muhriddin Fazliddinov (Xorazm) uchun mashg‘ulot kompensatsiyasi da'volari ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita qaroriga ko‘ra, yuqorida nomlari qayd etilgan futbolchilar bilan birinchi professional shartnomani tuzgan klublar (qavs ichida keltirilgan) Paxtakor klubiga umumiy hisobda 432 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni to‘lab berishi belgilandi.
Liga Paxtakor klubining o‘z tarbiyalanuvchilaridan belgilangan tartibda mashg‘ulot kompensatsiyasi ishlab olish bo‘yicha amalga oshirgan ishlarini olqishlaydi. Shu o‘rinda, boshqa klublarni ham o‘z akademiyasida tarbiyalanayotgan futbolchilarning kerakli hujjatlarini to‘g‘ri tartibda yuritish va sobiq tarbiyalanuvchilari boshqa klub bilan birinchi professional shartnomasini imzolagan taqdirda, tegishli tartibda ular uchun mashg‘ulot kompensatsiyasi talab qilishga chorlaydi.