
O‘zbek futbolidagi eng muhim yoshlar musobaqalaridan biri — U19 chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. Joriy yilgi mavsum o‘z ko‘lami, raqobati va tashkiliy darajasi bilan alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Bu yilgi chempionatda 22 ta jamoa ishtirok etdi va ular musobaqa reglamentiga ko‘ra 2 ta mintaqaga bo‘linib, mavsum davomida o‘zaro bahslashdi.
Chempionatning hal qiluvchi bosqichi Toshkentdagi “Jar” stadionida bo‘lib o‘tdi. Final bosqichi tomoshabinlar uchun ham, ishtirokchi jamoalar uchun ham haqiqiy futbol bayramiga aylandi.
Final natijalariga ko‘ra, Paxtakor U19 jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu orqali “sherlar” ushbu turnirda qatorasiga 2 marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan dastlabki jamoaga aylandilar.
Bu yilgi U19 chempionati Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi yoshlar ligasi” deb e’tirof etildi. Bunday yuksak baho O‘zbekiston yoshlar futboliga berilgan katta ishonch va hurmat ifodasidir.
Mavsum raqamlarda
U19 chempionati bu mavsum 6-marta o‘tkazildi;
Jami 228 ta o‘yin bo‘lib o‘tdi;
O‘yinlarni tomosha qilish uchun 21 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurdi;
Musobaqada 750 dan ortiq yosh futbolchilar ishtirok etdi.
Ushbu natijalar musobaqaning ommabopligi ortib borayotganini, akademiyalar va klublar yoshlar futboliga katta e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston U19 chempionati bu yil nafaqat ichki raqobat, balki xalqaro miqyosdagi yutuqlari bilan ham esda qoldi. Musobaqaning muvaffaqiyatli o‘tishi yurtimizda yosh futbolchilar uchun yaratilayotgan sharoitlarning yana bir tasdig‘idir.
