O‘zbekiston U19 chempionati finali professional futbol tahlilchisi nigohidan

27.11.2025U19 chempionati

O‘zbekiston U19 chempionati finali professional futbol tahlilchisi nigohidan

Noyabr oyi yurtimizda chinakam futbol bayramiga aylanib ketdi. Ushbu oyda Liga shafeligidagi deyarli barcha musobaqalar o‘zining hal qiluvchi pallasiga kiradi. Har bir turnir unda ishtirok etuvchilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigi, demakdir. Biroq ular orasida U19 chempionati alohida ajralib turadi. Ushbu musobaqada mamlakatimizning 22 klubining 19 yoshdan kichik futbolchilari o‘zaro bellashadi. Bu uchrashuvlar yangi iste’dodlar uchun mahorat maydoni bo‘lsa, futbol mutaxassislari, murabbiylar, skautlar va agentlar uchun ulkan seleksiya bozoridir. Albatta, ayni shu musobaqaning Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan 2025-yilda qit’amizning eng yaxshi yoshlar ligasi deb e’tirof etilgani bejiz emas. 

O‘zbekiston U19 chempionati finali professional futbol tahlilchisi nigohidan

Joriy yilgi final bosqichi — pley-off uchrashuvlarini Liga professional darajada o‘tkazishga harakat qildi. Jar stadionining zaxira maydonida boshlangan uchrashuvlar asosiy maydonda bo‘lib o‘tgan final bellashuvi bilan yakunlandi. Musobaqa davomida o‘yinlarni Liganing zamonaviy ko‘chma televizion stansiyasi orqali jonli efirda namoyish etildi va ularni taniqli sharhlovchilar sharhlab bordi. Bundan tashqari, Liga ushbu yakuniy bosqich uchun professional tahlilchilarni ham jalb etib, yosh iste’dodlarning maydondagi harakatlarini raqamlarda aks ettirishni lozim topdi. Qayd etish joizki, ularning yosh futbolchilar o‘yini borasidagi xulosalar ancha ijobiy. 

O‘zbekiston U19 chempionati finali professional futbol tahlilchisi nigohidan

“Umumiy taqqoslaganda U19 musobaqasi pley-off bosqichidagi ko‘rsatkichlar yig‘indisi Superliga ko‘rsatkichlariga yaqin deyish mumkin. Albatta, futbolchilarning yoshlari o‘rtasidagi tafovut va ularning tayyorgarlik darajasi sabab ushbu ikki liga o‘rtasida biroz farq seziladi”

Tahlilchi o‘z xulosasining davomida U19 finali doirasida o‘tkazilgan Paxtakor va Nasaf jamoalari o‘yinini shu klublarning katta jamoasi ishtirokida Superliga 14-turida bo‘lib o‘tgan o‘yin bilan taqqosladi.

“Umumiy paslar yig‘indisiga qarasangiz, bu borada yosh futbolchilar asosiy jamoalar ko‘rsatkichlaridan yaxshiroq natija ko‘rsatgan.

Yana bir e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan ko‘rsatkich – To‘pni olib qo‘yish bo‘yicha statistika. U19 musobaqasida to‘p u jamoadan narigi jamoaga tez-tez o‘tib turgan. Bu jamoalar to‘pga uzoq vaqt davomida egalik qilmaganini anglatadi. Superliga jamoalari to‘pni ko‘proq ushlab turishni istashadi. Ular to‘pni oddiy vaziyatlarda yo‘qotmaslikka va pozitsion hujumlar qurishda tartibliroq o‘ynashga intiladilar.

Agar ikki musobaqa umumiy solishtirsak, paslar yig‘indisiga ko‘ra Superliga odatda yaxshiroq ko‘rsatkich ko‘rsatib kelmoqda – o‘rtacha bitta o‘yinda 350-450 pas. U19da bu ko‘rsatkich bitta o‘yinda 340 ta pas. Ammo, bu juda katta farq emas. Paslarning aniqligi bo‘yicha U19 70% bo‘lsa, Superligada bu ko‘rsatkich +-80%ni ko‘rsatmoqda. Superliganing Top-6 jamoasida bu ko‘rsatkich +-85%ga yaqin.

Ko‘zga tashlanadigan yana bir vaziyat – taktik xilma-xillik o‘rtasidagi farq. Superligada uslub jihatidan turli jamoalarni ko‘proq kuzatishimiz mumkin. Natija qo‘lga kiritish uchun turli uslublardan foydalanishni bilishadi. O‘yinlar davomida taktik o‘zgarishlar qilib, o‘yinning borishiga ta’sir ko‘rsatgan vaziyatlarni tez-tez ko‘rdik.

U19 pley-offida qatashgan barcha 8ta jamoada hujumkor futbol ko‘rdik. Ular hujumga ko‘proq intilishdi, ko‘proq to‘pni o‘zida ushlashni va shu orqali hujumlar tashkil etishni istashdi. Umuman, hujumkor harakatlar ortishi tendensiyasi kuzatildi. Bu juda qiziq holat. Masalan, ushbu turnirda uzoq masofalardan zarbalar, shuningdek, uzoq masofadan kiritilgan gollar deyarli uchramadi. Bu – jamoalar to‘pni imkoni boricha raqib jarima maydoniga olib kirishga va qulayroq masofalardan zarba berishga intilishlari natijasidir. Bunday ko‘rsatkich Superligada tabiiyki boshqacharoq. Katta futbolda uzoq masofalardan zarbalar/gollar kuzatilishi tabiiy.

Vizual kuzatganda U-19da intensivlik yuqori emasligi ko‘rinadi. Bu normal jarayon. Butun 90 daqiqa davomida yuqori temp, intensivlikni ushlab turish bu yoshda qiyin. Ikkinchi taym ikkinchi yarmida intensivlik pastroq bo‘lganini shu bilan izohlash mumkin. O‘yin davomida tashabbus u jamoadan bu jamoaga tez-tez o‘tib turdi. Jamoalarning yaqqol raqibidan dominantlik qilgani holati kuzatilmadi”. 

O‘zbekiston U19 chempionati finali professional futbol tahlilchisi nigohidan

Umuman olganda teng kurashlar ostidagi turnir bo‘ldi deyish mumkin. Jamoalar yaxshi va sifatli futbol ko‘rsatishdi. Jamoalarda ajratib ko‘rsatishimiz mumkin bo‘lgan futbolchilar yetarli. Jamoalarimizda kelajakka ishonch va jamoaga poydevor bo‘ladigan futbolchilar talaygina”. 

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar