O‘zbekiston Superkubogida ishlovchi OAV vakillarining ro‘yxati shakllantiriladi
19.05.2025O`zbekiston Superkubogi

27-may kuni Bunyodkor stadionida bo‘lib o‘tadigan Superkubok uchrashuvida faoliyat olib borish istagida bo‘lgan OAV vakillari Liga mediasi bilan bog‘lanishi so‘raladi.
Nasaf hamda Andijon klublari o‘rtasidagi o‘yin uchun 25-mayga qadar liganing rasmiy elektron manzili bo‘lgan media@pfl.uz orqali ariza topshirishingiz mumkin. Ma’lumki, Bunyodkor stadioni media tribunasidagi joylar chegaralangan. Shundan kelib chiqib, talab etilgan ko‘rinishda ro‘yxatdan o‘tgan OAV vakillari media tribunada faoliyat olib boradi. Shuningdek, mavsum boshida Liga tomonidan taqdim etilgan akkreditatsiyasi bo‘lgan OAV vakillari ham stadionga tashrif buyurib, uchrashuvni o‘zlari uchun ajratilgan sektordan tomosha qilishlari mumkin.
Media tribuna uchun arizalar o‘rganib chiqiladi. Bunda Liga o‘z tasarrufidagi musobaqalarda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar ishlarini kuzatib borishi natijasida shakllangan xulosa asosida media tribunaga kirish huquqini taqdim etadi. Uchrashuvni media tribunadan turib kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lmagan OAV vakillari uchun esa tashkilot tomonidan maxsus chiptalar taqdim etiladi.
Akkreditatsiya jarayoni bo‘yicha ro‘yxat shakllantirilgach, Superkubok o‘yini oldidan o‘tkaziladigan matbuot anjumanida tegishli ruxsatnomalar o‘z egalariga topshiriladi.