O‘zbekiston kubogi. Final mezbonligi uch stadiondan biriga nasib qiladi
26.02.2025O‘zbekiston kubogi

Liga 2020-yildan buyon O‘zbekiston kubogining final uchrashuvini ketma-ketlikda turli shaharlarda o‘tkazib kelmoqda. Bunda mezbon stadion nomi musobaqaning guruh bosqichiga qur’a tashlanishidan avval aniqlab olinadi.
Har mavsum oldidan u yoki bu stadionda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, stadionlar Liga tomonidan qo‘yilayotgan talablarga moslashtirilayotgani sir emas. Aynan shu jihat finalni qabul qilish uchun da’vogar stadionlar ro‘yxatini shakllantiradi. 2020-yilda finalga Namangan mezbonlik qilgan bo‘lsa, keyinchalik hal qiluvchi o‘yinlar Samarqand, Buxoro, Qarshi, Farg‘ona shaharlarida o‘tkazildi.
2025-yilgi mavsumda bosh sovrin egasini aniqlab beradigan uchrashuvni qabul qilish uchun 3 ta shahar da’vogarlik qiladi: Andijon, Olmaliq va Termiz. So‘nggi yillarda mazkur arenalarda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Final o‘yini aynan kimga nasib qilishini bugungi qur’a oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze aniqlab beradi.


