
29-mart kuni O‘zbekiston kubogi guruh bosqichida ishtirok etadigan barcha — 32 ta klub nomi ma’lum bo‘ldi. Bugun ular o‘z raqiblarini bilib oladi.
Milliy jamoaning mundial oldi yig‘inidan kelib chiqib, 5-maydan e’tiboran Superliga katta tanaffusga chiqadi. O‘rtadagi bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida Liga va klublar o‘zaro kelishgan holda 8-26 may sanalari oralig‘ida O‘zbekiston kubogining guruh bosqichini o‘tkazishga qaror qildi. Endilikda, klub milliy jamoa yig‘iniga qancha futbolchisini berishidan qat’i nazar, kubok o‘yinini o‘tkazadi.

O‘z futbolchilarini terma jamoa ixtiyoriga jo‘natayotgan klublar manfaatidan kelib chiqib, joriy mavsum kubok guruh bosqichiga qur’a tashlash oldidan ishtirokchilar O‘zbekiston kubogi reglamenti asosida savatchalarga bo‘lib chiqilgan. Shu tariqa bir savatchadan joy olgan klublar guruh bosqichida o‘zaro raqib bo‘lmaydi. Shuningdek, dastlabki savatchadan joy olgan sakkiz klub har qanday holatda ham guruh bosqichi doirasidagi ikki uchrashuvni o‘z maydonida qabul qiladi.

Guruhning qolgan uch ishtirokchisi to‘p suradigan uy-safar o‘yinlari masalasi qur’a yordamida aniqlab olinadi. Demak, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi savatchalardan faqatgina bittasiga ikki uchrashuvni o‘z uyida o‘tkazish nasib qiladi. Qolgan ikki savat vakillari esa ikki uchrashuvni safarda o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

Qur’a jarayonida dastlab to‘rtinchi savatchadan joy olgan klublarning taqvimdagi holatiga aniqlik kiritiladi va o‘z navbatida ular guruhlarga taqsimlab chiqiladi. Mos ketma-ketlikda uchinchi, ikkinchi va eng so‘ngida birinchi savat klublari guruhlarga joylashtiriladi.

Qur’a jarayoni 15:00 da start oladi va u Liganing rasmiy sahifalari orqali jonli namoyish etiladi. Har bir savatcha klublarini guruhlarga joylashtirish uchun alohida mehmon taklif etilgan bo‘lib, Liga bunda media sohasi vakillariga e’tibor qaratishni lozim topdi.