O‘zbek klassikosi tarixidagi eng esda qolarli bahslar
13.09.2025Superliga

13-sentyabr kuni O‘zbekiston Superligasi 21-turi doirasida Paxtakor klubi Toshkentda Neftchi jamoasini qabul qiladi. Ushbu oyin oldidan “o‘zbek klassikosi" tarixidagi eng esda qolarli bahslarni eslab o‘tamiz.
Neftchi 2:0 Paxtakor
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligidan keyin o‘tkazilgan birinchi milliy chempionat o‘yinlarida Paxtakor va Neftchi jamoalari qo‘sh chempionlikni qo‘lga kiritgan. Bu natijada jamoalarning 34-turdagi o‘yini katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Musobaqa yakunlanishiga 3 ta tur qolganida Neftchi jamoasi "sherlar"dan 3 ochkoga ortda borardi. 34-turda ushbu jamoalar Farg‘onada to‘qnash keldi. Ushbu uchrashuv Yuriy Sarkisyan shogirdlarining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yinda kiritilgan gollarga Ravshan Bozorov va Albert Sarayev mualliflik qildi.
Paxtakor 5:4 Neftchi
1993-yilgi mavsum Neftchi jamoasining chempionligi bilan yakunlanadi. Biroq, Paxtakor jamoasi turnir yakunlanishiga 6 ta tur qolgan bir paytda bo‘lg‘usi chempionni mag‘lub etish orqali o‘z muxlislarini xursand qiladi.
1993-yilning 3-oktyabr sanasida Paxtakor Toshkentda Neftchini qabul qiladi. Uchrashuv 5:4 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlanadi. "Sherlar"ning gollariga Murod Aliyev, No‘mon Hasanov, Shuhrat Maqsudov, Farhod Magometov va Mirjalol Qosimov mualliflik qiladi. Farg‘onaliklarning javob gollari esa Stepan Atoyan (2 ta), Rustam Do‘rmonov va Abdusamad Do‘rmonov hisobiga yoziladi.
Paxtakor 0:0 Neftchi
1996-yilgi O‘zbekiston kubogi musobaqasining final o‘yini Paxtakor va Neftchi o‘zaro to‘qnash keldi. Paxtakor stadionida o‘tgan o‘yinning asosiy vaqti 0:0 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Ekstra-taymlar ham hisob o‘zgarmadi. Navbat penaltilar seriyasiga yetdi. Futbol lotereyasida esa Neftchi jamoasi g‘alabaga ega chiqdi.
Neftchidan penaltilarni amalga oshirgan Sergey Ni, Rahmatullo Fuzaylov, Akmal Xolmatov, Shuhrat Shamsiyev va Sergey Andreyev zarbada adashmadi. Paxtakordan esa Azamat Abduraimov, Nikolay Shirshov, Sobir Xodiyev va Dilmurod Nazarov penaltidan aniq foydalangan bo‘lsa-da, so‘nggi zarbani yo‘llagan Andrey Akopyans gol kirita olmadi. Shu tariqa, Neftchi jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta O‘zbekiston kubogiga ega chiqdi.
Neftchi 4:0 Paxtakor
2002-yilgi mavsum to‘liqligicha Paxtakorga ataldi deyish mumkin. Jamoa O‘zbekiston chempionligi va kubogiga ega chiqdi. Ayniqsa, kubok finalida azaliy raqibi Neftchi ustidan g‘alaba qozondi. Biroq Neftchi ham ushbu mavsum o‘z maydonida muxlislariga Paxtakor ustidan qozonilgan eng yirik g‘alabasini taqdim eta oldi.
2002-yilning 5-dekabr sanasida jamoada to‘qnash keldi. O‘zbekiston Oliy ligasining 27-turidan o‘rin olgan ushbu bahs Yuriy Sarkisyan shogirdlarining 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvda kiritilgan gollarga Anvar Berdiyev (2 ta), Muxtor Qurbonov va Rustam Do‘rmonov mualliflik qildi.
Paxtakor 6:0 Neftchi
2017-yilning yozida Paxtakor jamoasida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jamoa o‘z tarkibini Oliy liga yulduzlari va mahoratli legioner futbolchilar bilan yanada kuchaytirib oldi.
2017-yilning 12-avgust sanasida Paxtakor o‘z maydonida Neftchi klubi qabul qiladi. Ta’kidlash kerakki, o‘sha kezlari Vadim Abramov shogirdlarining umuman ishlari yurishmayotgan, jamoa turnir jadvalida 15-pog‘onani egallab turgan vaqtlar edi. Natija ham klublarning o‘sha vaqtdagi holatiga mos bo‘ldi.
Uchrashuvda Paxtakor 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda kiritilgan gollarga Tiago Bezerra (2 ta), Azim Ahmedov, Igor Sergeyev va Vladimir Kozak mualliflik qildi. Bu Paxtakorning o‘z tarixida Neftchi ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu o‘yinda Igor Sergeyev tomonidan kiritilgan gol Paxtakor klubining Superligadagi 1700-goli sifatida tarixda qoldi.

Neftchi 0:4 Paxtakor
2025-yil boshida o‘z tarkibini yaxshigina kuchaytirib olgan Neftchi jamoasi ushbu yildagi birinchi "o‘zbek klassiko"si oldidan mazkur bahs fovaridi deb e’tirof etilgandi. Sababi, bu vaqtda kelib Paxtakor klubi 5 ta o‘yinning 4 tasida mag‘lub bo‘lgan va mavsumni juda yomon start bilan boshlagan edi. Ammo 19-aprelda bo‘lib o‘tgan bahsda umuman boshqacha muhit hukm surdi.
Pedro Moreyra boshchiligidagi jamoa Farg‘onadan 0:4 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Uchrashuvda kiritilgan gollar Neftchi klubining sobiq futbolchisi Umar Adhamzoda (2 ta), shuningdek, Igor Sergeyev va Brayan Riaskoslarning hisobiga yozildi.
