Oktabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv
15.10.2025Superliga

O‘zbekiston Superligasi o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. O‘zbekiston kubogi musobaqasida esa final yaqin.
Neftchi — OKMK
19-oktabr kuni O‘zbekiston Superligasi 25-turidan o‘rin olgan Neftchi va OKMK o‘yini bo‘lib o‘tadi.
Vitaliy Levchenko jamoasi chempionlik uchun kurashga jiddiy kirishgan. Ayni vaqtda farg‘onaliklarning Nasaf bilan o‘rtasidagi farq 2 ochkoni tashkil etmoqda. Shu bois, buyog‘iga Neftchini xato qilishga haqqi yo‘q.
O‘z navbatida, OKMK jamoasi ham medallar uchun kurashdan chiqqanicha yo‘q. Modomiki shunday ekan, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi jamoa ham Farg‘onaga g‘alaba ilinjida tashrif buyursa ajab emas.
OKMK — Nasaf
26-oktabr kuni O‘zbekiston Superligasining 26-turidan o‘rin olgan OKMK va Nasaf o‘yini bo‘lib o‘tadi.
Ushbu jamoalar o‘rtasida dastlabki o‘yin Qarshida bo‘lib o‘tgan va bu bahsda Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Shunday ekan, ushbu o‘yinda OKMK klubi revansh olishga bor imkoniyati bilan harakat qiladi.
Ammo, Nasaf klubi ham ayni vaqtda ochko yo‘qotadigan holatda emas. Neftchi klubi “ajdarlar”ni izma-iz ta‘qib etib kelmoqda. Shunday ekan, Qarshi klubi ham Olmaliqqa faqat g‘alaba uchun tashrif buyurishi aniq.
Navbahor — Nasaf
30-oktabr kuni O‘zbekiston Superligasining 27-turi doirasida Navbahor klubi o‘z maydonida Nasafni qabul qiladi.
Matematik jihatdan olib qarasak, Navbahor klubi medallar uchun kurashdan chiqqanicha yo‘q. Uning ustiga, jamoa birinchi davra o‘yinida Nasafga yutqazgan. Shu boisdan, Namangan klubi ushbu o‘yinni g‘alaba bilan yakunlash uchun bor imkoniyatini ishga solishi aniq.
Buxoro — So‘g‘diyona
23-oktabr kuni O‘zbekiston Superligasining 26-turidan o‘rin olgan bahsda Buxoro klubi o‘z maydonida So‘g‘diyonani qabul qiladi.
Ushbu o‘yin natija nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega emasdek ko‘rinar, balki. Ammo O‘zbekiston kubogi musobaqasining yarim finalida Buxoro jamoasi aynan So‘g‘diyona klubini mag‘lub etib, finalga yo‘l olgandi. Bu holat esa jizzaxlik muxlislarning hafsalasini pir qildi.
Bo‘lg‘usi o‘yinda So‘g‘diyona klubi oldida yarim finaldagi xatosini yuvish imkoniyati bor. Ivan Boshkovich jamoasi ham ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun bor imkonini ishga solishi aniq.
Paxtakor — Buxoro
29-oktabr kuni mavsumdagi eng muhim o‘yinlardan biri Andijondagi “Bobur arena”da bo‘lib o‘tadi. Shu kuni muxlislar O‘zbekiston kubogi musobaqasining final o‘yiniga guvoh bo‘ladilar.
Paxtakor bir necha yillardan beri musobaqa finaliga yo‘l ololgani yo‘q edi. Jamoa 4 yil deganda yana finalga chiqdi. Buxoro klubi esa o‘z tarixida birinchi bor O‘zbekiston kubogining hal qiluvchi bellashuviga yo‘l oldi.
Ushbu o‘yin g‘olibligi jamoalarga nafaqat musobaqa g‘olibligini, balki, kelgusi yili xalqaro musobaqada ishtirok etish huquqini ham taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.