
Kecha, 24-aprel sanasida, OFK Professional futbol qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘mita raisi — Park Ji Sung rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda OFK vakillari va Osiyoning bir qator yetakchi ligalari rahbarlari, jumladan, O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori — Diyor Imomxo‘jayev ham ishtirok etdi. Qit'amizdagi klublar ishtirokidagi professional musobaqalarga doir muhim masalalar haqida so‘z borgan yig‘ilishda yaqinlashib kelayotgan 2026/2027-yilgi mavsumdan e'tiboran amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar tasdiqlandi.
Xususan, OFK Elit Chempionlar Ligasida ishtirokchilar soni 24 tadan 32 taga yetkaziladi. O‘z navbatida, bu mamlakatlar uchun ajratilgan kvotalar miqdoriga ta'sir qiladi. O‘zbekiston klublari uchun mazkur musobaqaga yo‘llanmalar soni 1+1 ko‘rinishida bo‘ladi. Ya'ni, Superliga chempioni — Neftchi liga bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olsa, vitse-chempion — Paxtakor OFK Elit Chempionlar Ligasi saralash bosqichida ishtirok etadi. Sherlar saralashda muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, OFK Chempionlar Ligasi 2 guruh bosqichida oʻynaydi. O‘zbekiston kubogi sohibi — Paxtakor ligadagi o‘rni orqali yuqoriroq musobaqaga yo‘llanma olganligi sababli, OFK Chempionlar Ligasi 2 musobaqasi uchun kvota Superligada 3-o‘rinni egallagan jamoa — Nasaf'ga taqdim etiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda OFK Musobaqalariga kirish reglamenti va OFK Klublarni litsenziyalash reglamentlariga tegishli o‘zgarishlar kiritish tasdiqlandi.
Yuqorida ta'kidlangan o‘zgarishlar OFK Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan taqdirda, 2026/2027-yilgi qit'aviy futbol mavsumidan e‘tiboran kuchga kiradi.


